Mamlakatimizda 30-iyunni Yoshlar kuni sifatida keng nishonlash anʼanaga aylangan. Bu sananing oʻziga xos tarixi mavjud boʻlib, 2017-yilning 30-iyun kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan qariyb toʻrt soat ochiq muloqot oʻtkazdi va ushbu sanada Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tashkil topgani eʼlon qilin edi. Davlatimiz rahbari tanqidiy ruhda oʻtkazgan ushbu uchrashuvida Yoshlar ittifoqining oldida turgan muhim va jiddiy vazifalar haqida gapirib, u yoshlarning chinakam tayanchi va suyanchiga aylanishi, har qanday rasmiyatchilikdan holi, faqat yoshlar manfaatini himoya qilishi lozimligiga alohida eʼtibor qaratganligi barcha yoshlarga ayon.
Davlatimiz rahbari bu yil ham Yoshlar kuni munosabati bilan poytaxtimizdagi Botanika bogʻida oʻtkazilgan Oʻzbekiston yoshlari va talabalari forumiga tashrif buyurdi hamda mamlakatimiz kelajagi egalariga oʻz bayram tabrigini yoʻlladi.
Tabrikda yurtimizda yoshlar siyosatini amalga oshirish, bu boradagi ishlarni yangi, yana-da yuksak bosqichga koʻtarish boʻyicha oʻz fikrlarini bayon qildi.
Maʼlumki, mamlakatimizda yoshlar taʼlim-tarbiyasi, ularni milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash, maʼnan yetuk va jismonan sogʻlom barkamol avlodni voyaga yetkazish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish masalasi doimo ustuvor vazifa sifatida qarab kelingan.
Yurtimizda jismonan sogʻlom, maʼnan yetuk, intellektual rivojlangan, mustaqil fikrlaydigan yosh avlodni shakllantirish boʻyicha yagona tizim yaratilgan boʻlib, yoshlar salohiyatini ezgu maqsadlarga yoʻnaltirish, ularni konstruktiv gʻoyalar atrofida birlashtirish boʻyicha aniq chora-tadbirlar belgilangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va hukumatning yoshlar masalalariga doir oʻnlab farmon, qaror va farmoyishi qabul qilindi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Yoshlar masalalari boʻyicha komissiya va “Yoshlar klubi”, “Yoshlar parlamenti” tashkil etildi. Iqtidorli yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning muayyan sohadagi samarali faoliyati, yutuq va iqtidorlarini munosib baholash va ragʻbatlantirib borish maqsadida “Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti hamda “Kelajak bunyodkori” medali taʼsis etildi.
Bu yil davlatimiz rahbarining qaroriga muvofiq 29 nafar yigitlarimiz “Mard oʻgʻlon” Davlat mukofoti hamda bir guruh iqtidorli, tashabbuskor, oʻz taqdirini vatan taqdiri bilan bogʻlagan yoshlar vatanimizning orden, medallari bilan mukofotlandi.
Bunday baxtli yoshlar qatorida kamina ham borligi, Madaniyat-Jurnalistika yoʻnalishda “Mard oʻgʻlon” Davlat mukofotiga munosib koʻrilganim yelkamga katta masʼuliyat yuklaydi.
Zero, davlatimiz rahbarining yoshlarga yoʻllagan tabrigida taʼkidlanganidek, bugun oʻz oldimizga qoʻyilgan ulkan va masʼuliyatli vazifalar butun xalqimiz kabi yoshlardan ham har tomonlama katta tayyorgarlik va safarbarlikni talab etadi. Shunday ekan, yoshlar zamonaviy bilim va taraqqiyot choʻqqilarini egallashi, oʻz amaliy ishlari, tashabbuslari, gʻayrat-shijoati bilan yurtimiz ravnaqi, jonajon Vatanimiz rivojiga munosib hissa qoʻshishi, sadoqatli farzand boʻlishi har birimizning eng oliy maqsadlarimizdan biriga aylanishi kerak.
Islom ASILBEKOV,
OʻzJOKU talabasi,
“Mard oʻgʻlon” Davlat mukofoti sohibi.