Mavjud maʼlumotlarga koʻra, 1996-yilda Samarqand viloyatida tugʻilgan O.Xoshimov, 2019-yilda Misr Arab Respublikasida oʻqishi davomida xalqaro terrorchilik tashkiloti rahnamolarining gʻoyaviy taʼsiriga tushib, u yerga yurtimizdan diniy taʼlim olish maqsadida borgan yoshlar orasida oʻzining aqidaparastlik gʻoyalarini targʻib qilgan hamda Suriya davlati hududida faoliyat olib borayotgan “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terrorchilik tashkilotining safiga qoʻshilishga daʼvat qilib, ularni yuborish bilan shugʻullanib kelgan.
Ichki ishlar vazirligi xabariga koʻra, ushlangan shaxsning uyali telefon apparati xotirasida ekstremistik mazmundagi materiallar mavjudligi aniqlanib, protsessual tartibda olib qoʻyilgan.
Hozirda ushbu shaxsga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov-tezkor harakatlari olib borilyapti, deb xabar beradi Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining 2016-yil 26-sentyabrdagi qarori bilan “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terrorchilik tashkiloti faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi hududida taqiqlangan tashkilotlar roʻyxatiga kiritilgan.