Ustozimiz Xalq deputatlari Jizzax shahar Kengashi deputati OʻzLiDeP aʼzosi Abdulaziz Xujakov bugun kuyib-yonib biz shogirdlarini xalq qalbiga quloq solishga, odamlarning dardu-tashvishlarini astoydil tinglashga, muammolarini hal etishda amaliy yordam berishga daʼvat etib kelyapti. Va bu borada oʻzi ham ayrim amaldorlarning ongida toshday qotib qolgan eskicha qarashlarini tag-tomiri bilan qoʻporib, uning oʻrniga xalq talab va istaklari asosida ishlash prinsiplarini hayotimizda joriy etishga qatʼiyat bilan harakat qilib keladi. Hatto oʻzlari betob boʻlib qolganlarida ham xalqning haqiqiy muammolari bilan qiziqib, ularning dardi bilan yashayotgan ustozimizning mehnatlari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati tomonidan taʼsis etilgan “Xalqparvar deputat” maqomi hamda Mustaqilligimizning 30 yillik esdalik nishoni bilan oʻz samarasini koʻrsatdi. Ustozimizning bu yutuqlari bizni yanada ildamroq va gʻayrat bilan ishlash uchun motivatsiya boʻldi desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Har qanday deputat ham adolatsizlik holatlari, xalqni qiynab kelayotgan ogʻir muammolarni roʻy-rost kun tartibiga qoʻyib, “kamchiliklarni bartaraf etaylik”, deb, bunda avvalo oʻzi oʻrnak va namuna boʻlib, jon-jahdi bilan bu ishga kirishavermaydi. Buning uchun insonda katta yurak boʻlishi, oʻz xalqi, Vatani taqdiri uchun masʼuliyatni chuqur his eta bilishi kerak. Biz shogirdlarida ana shunday tuygʻuni shakllantira olgan, xalqning dardi bilan yashashga oʻrgata olgan, ustozimizga rahmat aytamiz.

Axir kimdir umid bilan hokim yo vazirning oldiga borsayu, qabuliga kira olmasa, eshigida haftalab-oylab sargʻaysa, shundan soʻng qoʻli biror ishga boradimi? Yoshlarchi? Ular bilan hech kim gaplashmasa, koʻnglida nima gapi bor – qiziqmasa, ularni oʻz “tarbiyasi”ga olishni poylab oʻtirgan soxta tarbiyachi, “hojatbaror”lar kammi?!

Agar ustozlar bugun yoshlarimiz tarbiyasi bilan astoydil shugʻullanmasa, ularning qalbiga quloq tutmasa, bu ish bilan xorijda qarmoq tashlab oʻtirgan boshqalar shugʻullanadi. Bu – hayotiy haqiqat. Uni ortiqcha isbotlab oʻtirishga hojat yoʻq.

Xalq dardi bilan yashash, xalqqa xizmat qilishdek oliy maqsad yoʻlida yoshlarni oʻz atrofida birlashtira olgan deputat barchaga oʻrnak boʻluvchi haqiqiy ustozdir!!!

Barno Kushbakova,

Toshkent arxitektura qurilish instituti magistranti,

Abbosbek Raxmonov,

Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat instituti talabasi,

Nilufar Abdugʻaniyeva,

Jizzax politexnika instituti talabasi.