Shu yilning 17-avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi, Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi tomonidan Yoshlar ijod saroyida oʻtkazilgan brifingda mazkur aksiyaning ahamiyati, oʻtkazish tartibi, yoʻnalishlari xususida maʼlumot berildi. Tadbirda Yoshlar ishlari agentligi, Yoshlar ittifoqi mutasaddilari, sportchilar, yosh saylovchilar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Saʼdullayev soʻzga chiqib, mamlakatimiz aholisining aksariyat qismini yoshlar tashkil etishi, shu bois ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, bu yil mamlakatimizda oʻtkaziladigan muhim siyosiy jarayon — Prezidentlik saylovida yoshlarning faol ishtirokini taʼminlash muhim ahamiyat kasb etishi, Yoshlar ishlari agentligi tashabbusi bilan oʻtkazilayotgan ushbu aksiya yoshlarning saylov bilan bogʻliq bilimlarini oshirish, ularning mazkur siyosiy jarayonga nisbatan masʼuliyatini oshirishga xizmat qilishini taʼkidladi.

Tadbirda soʻz olgan XXXII yozgi Olimpiya oʻyinlari gʻolibi, mohir bokschi Bahodir Jalolov olimpiada taassurotlari haqida gapirib, bugun mamlakatimizda yoshlarga, sportga qaratilayotgan eʼtibor tufayli yosh avlod vakillari jahon sport maydonlarida yaxshi natijalarni qayd etayotganini taʼkidladi. Shuningdek, yoshlar ularga qaratilayotgan eʼtibor va gʻamxoʻrlikka javoban mamlakatimizdagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga daxldorlik hissi bilan yurt taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshishga intilishi, xususan, bu yilgi muhim siyosiy jarayon — Prezidentlik saylovida har bir yoshning faol ishtiroki muhim ahamiyatga ega ekanini alohida taʼkidladi.

Tadbirda mazkur aksiya doirasida Yoshlar ishlari agentligi, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi hamda hamkor tashkilotlar tomonidan oʻtkaziladigan loyihalar haqida maʼlumot berildi.

Jumladan, mazkur aksiya doirasida yoshsaylovchi.uz veb-sayti elektron platformasi tashkil etiladi. Mazkur platforma yoshlarga internet tarmoqlari orqali siyosiy sohalar va tizimlarga oid soʻnggi maʼlumotlarni hamda axborotlarni doimiy ravishda asosli tarzda yetkazib berish maqsadida tashkil etiladi. Buning uchun platforma toʻgʻrisida yoʻriqnoma ishlab chiqiladi, dasturchi mutaxassislar loyihaga jalb qilinib, ular bilan doimiy hamkorlik yoʻlga qoʻyiladi. Platformada taqdim etiladigan har bir axborot va yangiliklarning asosli va haqqoniyligi nazorat qilinadi. Mazkur platforma internet tarmogʻi foydalanuvchilari, asosan yoshlarni siyosiy va ijtimoiy sohadagi huquqiy bilim va koʻnikmalarini yana-da rivojlantirish imkonini beradi.

Shuningdek, mazkur aksiya doirasida quyidagi loyihalar ham amalga oshirilishi belgilangan:

— oylik doirasida targʻibot-tashviqot ishlarini namunali tarzda tashkil etish maqsadida “Yosh targʻibotchilar” guruhini shakllantirish;

— targʻibot guruhi aʼzolarining ijtimoiy-siyosiy bilimlarini rivojlantirishga qaratilgan oʻquv-seminarlar tashkil etish;

— targʻibot guruhi aʼzolarining siyosiy bilimlarini rivojlantirishga qaratilgan onlayn seminar (vebinar)lar tashkil etish;

— Prezidentlik saylovlarida birinchi marotaba ishtirok etuvchi 18 yoshga toʻlgan yoshlar oʻrtasida “Men ham saylovda ishtirok etaman” targʻibot tadbirlarini tashkil etish;

— ijtimoiy tarmoqlarda yoshlarning ijtimoiy-siyosiy bilimlarini rivojlantirishga qaratilgan yutuqli viktorinalar tashkil etish;

— “Saylov – 2021: Kelajak xalq tanloviga bogʻliq!” mavzusida maqolalar tanlovini oʻtkazish;

— turli kasb egalari ishtirokida #Kelajaging uchun ovoz ber, #Mening ovozim — mening kelajagim! heshteglari ostida ijtimoiy targʻibot aksiyasini oʻtkazish;

— yoshlarning huquqiy savodxonligini aniqlashga qaratilgan “Siz bilasizmi” teleoʻyinini oʻtkazish;

— birinchi marotaba saylovda ovoz beruvchilar uchun “Men saylovga tayyorman” nomli oʻquv-qoʻllanma nashr qilish hamda yoshlar oʻrtasida targʻib qilish;

— professional taʼlim muassasalaridagi yoshlar oʻrtasida “Oʻz kelajagimni oʻzim belgilayman – Sizchi?” shiori ostida insholar tanlovini oʻtkazish;

— “Yangi Oʻzbekiston saylovlari yoshlar nigohida” xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasini oʻtkazish.

Brifingda Yoshlar ishlari agentligi, Yoshlar ittifoqi tomonidan mazkur aksiyani oʻtkazishga puxta tayyorgarlik koʻrilayotgani, mazkur jarayonda yoshlarning faol ishtiroki muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.