Yoshlik kuchi va shijoati ta'lim-tarbiya bilan engilmas qudratga aylanadi

    Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 1 aprel kuni yoshlar o'rtasida ommaviy sportni rivojlantirish chora-tadbirlari bo'yicha, shuningdek, 5 aprel kuni xalq ta'limi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligining tahlili yuzasidan videoselektor yig'ilishi o'tkazdi.

    Har ikki yig'ilish mohiyatan bizning faoliyatimizga bevosita daxldorligi bilan oldimizga katta vazifalar qo'ydi, mas'uliyat yukladi.

    Avvalo, yoshlar o'rtasida ommaviy sportni rivojlantirish chora-tadbirlari haqida to'xtalsak. Davlatimiz rahbari o'g'il-qizlarni ommaviy sport turi bilan qamrab olish maqsadida 10 apreldan boshlab, mahalla, tuman, viloyat va respublika bosqichlaridan iborat ommaviy sport tadbirlari o'tkazish bo'yicha topshiriq berdi. eng muhimi bu tadbirlarni o'tkazishning moddiy ta'minotini ham aniq aytdi. Unga ko'ra, “Yoshlar daftari” jamg'armasidan har bir viloyatga 100 million so'mgacha, g'olib va sovrindorlarni taqdirlash uchun 1 milliard so'mgacha mablag' ajratiladi. Eng yaxshi natija ko'rsatgan yoshlar tuman va shahar, viloyat hamda milliy terma jamoalar tarkibiga saralab olinadi.

    Bu bizga nima beradi? Hozirdan aytish mumkin: ko'p narsa.

    Birinchidan, O'zbekistoning xalqaro miqyosdagi imijini mustahkamlashga xizmat qiladi. Chunki, mahalladan boshlab tuman, shahar, viloyat va mamlakat miqyosida qo'r olgan musobaqalarda qanchadan qancha kuchli sportchilar kashf qilinadi. So'ng ular terma jamoada shakllanadi. Qarabsizki, to'rt-besh yildan so'ng Olimpiada chempionlari O'zbekiston nomini dunyoga taratib turibdi.

    Ikkinchidan, ruhan tetik, fikri teran kadrlar zaxirasi shakllanishiga xizmat qiladi. Bunday deyishga ham asos bor. Sababi, jismoniy mashqlarda chiniqib ulg'aygan har qanday yosh, avvalo, sog'lom bo'ladi. Jismoniy sog'lomlik ruhiy tetiklikka olib keladi. Ruhiy tetik kishining esa, fikri uyg'oq, shijoati baland bo'ladi. Bunday kadrlar — mamlakat porloq kelajagi asosi.

    Uchinchidan, mamlakatda ahillik muhitini yaratadi. Sport — tinchlik va do'stlik elchisi ekani hammaga ma'lum. Shu ma'noda mahalla yoshlari mamlakat miqyosidagi musobaqalarda qatnashar ekan, ko'plab do'stlar orttirishi tabiiy. Ular bir kun kelib ulg'aygach ham ana shu do'stona munosabat bilan jamiyatga kirib kelishi aniq. Shunday ekan, bolalikdan do'stlar ko'payadi, bu mamlakatda yagona do'stlik muhiti shakllanishidan dalolatdir.

    Ommaviy sportga jalb qilishning uch muhim jihatiga to'xtaldik, xolos. Lekin ungacha bo'lgan ilmiy asosli yo'l ham borki, bu O'zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti zimmasidagi katta mas'uliyat.

    Shu bois, bugungi kunda universitetimizning Sport o'yinlari fakulteti negizidagi Tennis, badminton nazariyasi va uslubiyati kafedrasida ham tennis va badmintonni yoshlar o'rtasida ommalashtirish bo'yicha ilmiy asoslangan nazariyalar ishlab chiqilmoqda.

    O'zi, umuman, bu ikki sport turi bilan duch kelgan odam xohlagan joyida shug'ullanishi mumkin. Aytmoqchi bo'lganimiz, tennisni hovlida ham, uyda ham, hatto, yo'laklarda ham bemalol o'ynasa bo'ladi. Alohida maxsus joy shart bo'lmaydi. Shu ma'noda, kafedramiz professor-o'qituvchilari aholi keng qatlamini stol tennisi, tennis va badminton bilan shug'ullanishga jalb etish, bu orqali jismonan sog'lom avlodni tarbiyalash, ommaviy sport tadbirlari, musobaqalar o'tkazish, iste'dodli sportchilarni tanlash, tayyorlash va mahoratini oshirish, katta sport sari etaklash, qolaversa, kadrlar tayyorlash, sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va xalqaro aloqalarni kengaytirish kabi ustuvor vazifalarni bosh maqsad qilgan.

    Yurtimizda aholi orasida, ayniqsa, yoshlar orasida sog'lom turmush tarzini shakllantirishda mazkur sport turlari asosiy omillardan hisoblanadi. Poytaxtimizda, viloyat va tuman markazlari, hatto respublikaning eng olis hududlarida jahon standartlariga javob beradigan zamonaviy tennis sport majmualarining barpo etilishi, ko'p sonli xalqaro musobaqalar tashkil etilishi tennischilarimizga o'z mahoratlarini takomillashtirish, o'zlarini xalqaro sport maydonida namoyon etish hamda bugungi kunda O'zbekistonni jahonning yirik tennis markazlaridan biri deb hisoblash imkonini beradi.

    Mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportning ommaviyligini ta'minlash, tennis, stol tennisi va badminton bo'yicha yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash, sog'lom turmush tarzi asoslarini shakllantirish, aholi o'rtasida, xususan, talaba-yoshlar orasida sog'lom hayot kechirish tamoyillarini singdirish, malakali, dunyo sport maydonida ro'y berayotgan voqea-hodisalarga munosabat bildira oladigan, o'z yurti manfaatini munosib himoya qila oladigan, jismonan va ma'nan barkamol avlodni tarbiyalash universitetimiz, fakultetimiz va kafedramizning ustuvor vazifalari va bosh maqsadi bo'lib qolaveradi.

    Endi Prezidentimiz 5 aprel kuni xalq ta'limi tizimiga doir o'tkazgan yig'ilishi haqida ham bir og'iz to'xtalsak. Bu tom ma'noda tarixiy evrilish hodisasiga asos bo'lishi aniq. Shu ma'noda, maktab ta'limiga kadrlar tayyorlab beradigan oliy ta'lim bazasi sifatida bizning zimmamizga ham katta mas'uliyat yuki tushadi. Shu kunlarda akademik jamoa Prezidentimiz kuyunchaklik bilan soha xodimlari oldiga qo'ygan vazifalar ijrosiga kirishgan. Negaki, ta'lim va tarbiya kutib turmaydi. Unda har bir daqiqa hal qiluvchi ahamiyatga ega.

    Qobiljon Usmanov,

    O'zDJTSU Tennis, badminton nazariyasi

    va uslubiyati kafedrasi mudiri