Shu kunlarda Nukus va Boʻzatov qayta yashargandek tasavvur uygʻotadi kishida. Bahor nafasi, har yonda yoshlik nuqsi urib turibdi. Bu manzara keyingi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan xalqchil islohotlar, yoshlar siyosatining qoraqalpoq zaminidagi shukuhi oʻlaroq, dillarga ajib tarovat ulashadi.
10-may. Soat millari 19.00 ni koʻrsatadi. Nukus amfiteatri sahni bayramona bezatilgan. Saxiy quyosh butun mamlakatdan kelgan minglab yigit-qizlarni olqishlab, ularning yuz-koʻzida, qalbida balqqan yurtga, odamlarga mehr taftini oʻziniki qilib olmoqchidek zarrin nurlarini sochadi.
Bu yerda “Respublika yoshlar ovozi” festivali mamlakat bosqichining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
2020-yil 2-oktyabr qoraqalpogʻistonlik yoshlar xotirasida alohida esda qolarli sana oʻlaroq tarixga muhrlangan. Shu kuni Prezidentimiz Qoraqalpogʻistonga tashrifi doirasida bu koʻhna zaminda “Respublika yoshlar ovozi” festivalini oʻtkazish tashabbusini bildirgan edi.
Bu yil festivalning bosh tadbirlari Nukus shahrida qoʻr oldi.
Ikki yildirki, mazkur festival chin maʼnoda mamlakatimizda isteʼdodli yoshlarni kashf etishga xizmat qilmoqda.
— Oʻtgan yili mazkur tanlovda mamlakat boʻylab 10 ming yigit-qiz ishtirok etgan boʻlsa, joriy yilda 238 mingdan ziyod yoshni qamrab oldi. Festivalning besh bosqichdan iborat saralash tadbirlari mahalla, tuman (shahar) va viloyat miqyosida oʻtkazildi. Yangi ovozlarni kashf etishga xizmat qiladigan tanlovda 10 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar baxshichilik, anʼanaviy ijro, opera hamda estrada yoʻnalishida oʻz mahoratini namoyish etdi, — deydi Yoshlar ishlari agentligi Besh tashabbus loyihalarini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshligʻi Indira Xoldorova. — Tanlovning toʻrt bosqichi muvaffaqiyatli yakunlandi. Har bir ishtirokchining chiqishi toʻliq tasvirga olingani tanlovning shaffof oʻtishiga asos boʻldi.
Shu tariqa hududiy bosqichdan muvaffaqiyatli oʻtgan 152 yigit-qiz endi 10-15-may kunlari gʻoliblik uchun kurashadi.
— Ushbu festivalni oʻtkazishdan koʻzlangan asosiy maqsad yoshlarda islohotlarga daxldorlik tuygʻusini uygʻotish, iqtidorini namoyon etishi uchun keng imkoniyatlar yaratish, sanʼatga qiziqishni oshirishdir, — deydi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi oʻrinbosari Abatbay Daniyarov. — Shu maqsadda yurtimizda keng koʻlamli saʼy-harakatlar amalga oshirilayotganini bugun nafaqat biz, balki chet eldagi doʻstlarimiz ham eʼtirof etmoqda. Oldimizda katta maqsadlar bor. Eng oliy maqsadimiz — Uchinchi Renessansga yoʻl ochish. Bu borada bugungidek festivallar ham muhim ahamiyat kasb etadi. Boisi, yoshlarni birlashtiradi, oʻzaro fikr-mulohaza almashiladi, yangi gʻoyalar tugʻiladi. Ishonamizki, Qoraqalpogʻistonda oʻtkazilishi yaxshi anʼanaga aylanayotgan yoshlar festivali hali koʻplab iqtidor egalarini kashf etadi.
Yakuniy bosqichning oʻzi ikki — final va superfinal bosqichga boʻlinadi. Har bir yoʻnalish va yosh toifasida eng yuqori ballni qoʻlga kiritgan 3 ishtirokchi superfinalga yoʻl oladi. Bu bosqichda hakamlar ularga ijro uchun qoʻshimcha topshiriq beradi.
— Tanlovning respublika bosqichida ishtirok etaman, deb oʻylamagandim. Endi oʻzimga ishonchim tobora ortib bormoqda, — deydi Buxorodan kelgan ishtirokchi Javohir Roʻzimboyev. — Festivalda gʻolib boʻlamanmi, yoʻqmi, bilmayman, lekin bu tadbir hayotimga eng goʻzal kunlarni hadya etdi va ongu shuurimda muhrlanib qoldi. Koʻp doʻstlar orttirdim. Biz, yoshlarga shunday imkoniyatlarni yaratib berayotgan Prezidentimizga, barcha tashkilotchilarga chuqur minnatdorlik bildiraman.
Festivalda har bir yoʻnalish boʻyicha birinchi oʻrin egasi 50 million, ikkinchi oʻrin egasi 30 million, uchinchi oʻrin egasi 20 million soʻm pul mukofotini qoʻlga kiritadi. Bundan tashqari, respublika bosqichi qatnashchilarining barchasi 10 million soʻmdan pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
Tanlovning yakuniy bosqichi 15-may kuni Boʻzatov tumanida boʻlib oʻtadi. Gʻoliblar nomi ham shu yerda eʼlon qilinadi.
Darhaqiqat, festivalning ahamiyatli jihatlari koʻp. Hududlarda tashkil etilgan gala-konsertlarda yoshlarning katta sahnalarda oʻz sanʼatini namoyish etishi uchun keng imkoniyatlar yaratdi. Qisqa fursat ichida tanlov madhiyasi ham yaratilib, yoshlar orasida ommalashdi.
Bir soʻz bilan aytganda, Qoraqalpogʻiston zamini yosh sanʼat ixlosmandlarini birlashtiradigan yangi madaniyat va sanʼat oʻchogʻiga aylanmoqda.
Gulichehra DURDIYEVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri