YouTubeʼda 16 yoshgacha boʻlgan oʻsmirlar uchun yangi cheklovlar joriy etilmoqda

    Joriy yilning 22-iyulidan boshlab YouTube mustaqil ravishda jonli efir olib borish uchun minimal yosh chegarasini 16 yoshga koʻtarmoqda.

    13–15 yoshli oʻsmirlar strim qilishni faqat katta yoshli shaxs hamrohligida amalga oshirishlari mumkin. Aks holda, ular chat va boshqa funksiyalarga kirish imkonidan mahrum boʻlishi mumkin.

    YouTube joriy yil 22-iyuldan boshlab xavfsizlik siyosatida jiddiy oʻzgarishlar kiritayotganini eʼlon qildi: 16 yoshgacha boʻlgan foydalanuvchilar katta yoshli shaxs kadrda koʻrinib turmasa va kanalda menejer, tahrirchi yoki egasi sifatida roʻyxatdan oʻtmagan boʻlsa, mustaqil ravishda jonli efir oʻtkaza olmaydi.

    Agar qoida buzilsa:

    • chat yopiladi;
    • efir funksiyalari cheklanadi;
    • jonli efir oʻchirilishi mumkin.

    Qoidalarni chetlab oʻtish (masalan, boshqa kanal orqali efir uyushtirish) taqiqni buzish deb hisoblanadi va akkauntning yopilishiga olib kelishi mumkin.

    YouTube oʻzgarishlar sababini rasman oshkor etmagan boʻlsa-da, bu qadam kattalar hamrohligisiz jonli efirlardagi xavflar — shaxsiy maʼlumotlarning tarqalishi, chatda noxush muloqotlar va boshqa xatarlardan oʻsmirlarni himoya qilishga qaratilgani aytiladi.

    YouTube taʼkidlaganidek, strim — “oldindan bashorat qilib boʻlmaydigan format” hisoblanadi va u alohida nazoratni talab qiladi.

    Platforma fikriga koʻra, bu oʻzgarishlar yangi blogerlar uchun qiyinchilik tugʻdirishi mumkin, ammo bolalar xavfsizligi har qanday natijadan ustundir.