Xabaringiz bor, 2-iyun kuni Tojikiston Prezidentining tashrifi doirasida Zarafshon daryosida Yovon gidroelektr stansiyasi qurilishini boshlash marosimi boʻlib oʻtdi. Ikki davlat yetakchilari ramziy tugmani bosib, qurilishga start berildi.
Yovon gidroelektr stansiyasi energetika sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikda amalga oshirilayotgan dastlabki yirik loyiha hisoblanadi. 140 megavatt quvvatga ega zamonaviy stansiya mamlakatlarimiz energetika xavfsizligi, suv va qishloq xoʻjaligi barqarorligini taʼminlashda muhim oʻrin tutadi.
— Ikki mamlakat mutasaddi va mutaxassislari tomonidan Zarafshon daryosi havzasida 2 ta GESni qurish va undan foydalanishni texnik-iqtisodiy baholash boʻyicha oʻzaro kelishuvga erishilgan, — deydi “Oʻzbekgidroenergo” AJning xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, investitsion loyihalarni tayyorlash va olib borilishini monitoring qilish bosh boshqarmasi boshligʻi Sunnatilla Ismatov, — Unga asosan, Tojikiston hududidagi Zarafshon daryosi havzasida mazkur quvvatlarning qurilishi ikki bosqichda amalga oshiriladi.
Birinchi bosqichda, yiliga oʻrtacha 832 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi, quvvati 140 megavattga va prognoz qiymati 282 million AQSH dollariga teng Yovon gidroelektr stansiyasini qurish ishlari bajariladi, Mazkur loyiha 15 yilda sarflangan mablagʻlarni qoplash hamda 40-50 yil davomida uzluksiz ishlash imkoniyatiga ega.
Ikkinchi bosqichda, yiliga oʻrtacha 560 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi, quvvati 135 megavattga va prognoz qiymati 270 million AQSH dollariga teng boʻlgan Fandaryo gidroelektr stansiyasini qurish imkoniyati oʻrganib chiqilmoqda. Ushbu loyiha 20 yilda sarflangan mablagʻlarni qoplashi va qariyb yarim asr davomida uzluksiz ishlash nazarda tutilmoqda.
Ularning yillik umumiy ishlab chiqarish quvvati hajmi 1400 million kVt.soatni tashkil etadi. Bu esa, oʻz navbatida, 600 mingdan ortiq oilaning elektr energiyasiga boʻlgan ehtiyojini qondirish imkonini beradi. Yangi GESlarning qurilishi doirasida 3 mingga yaqin mavsumiy, ishga tushirilishi natijasida esa 200 dan ortiq doimiy ish oʻrinlari yaratiladi.
— Mazkur gidroinshootlarni qurilishi yuzasidan loyihaning buyurtmachisi etib, tomonlar ishtirokida aksiyadorlik jamiyati shaklidagi “TaUz HIDRO” qoʻshma korxonasi tashkil etildi,—leydi “Oʻzbekgidroenergo” AJning matbuot xizmati rahbari Ravshan Boyqulov.— Bugungi kunda tomonlar loyihadan oldingi izlanish ishlarini moliyalashtirish va uning texnik-iqtisodiy asoslarini tayyorlash uchun xalqaro moliya institutlarining grant mablagʻlarini jalb etish choralarini koʻrmoqda.
Bu borada, yangi tashkil etilgan “TaUz HIDRO” AJ yangi qurilishi rejalashtirilgan GESlarning texnik topshiriqlarini ishlab chiqadi va loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini tayyorlashda xalqaro konsalting kompaniyalarini jalb etadi. Bu boradagi muhandislik ishlari toʻliq zamonaviy standartlar asosida, ilgʻor xorijiy kompaniyalar ishtirokida olib boriladi.
Loyiha xalqaro moliya tashkilotlarining investitsiyalari hamda taʼsis qilinadigan qoʻshma korxona ustav jamgʻarmasiga kiritiladigan tomonlarning oʻz mablagʻlari hisobiga moliyalashtiriladi. Yovon gidroelektr stansiyasi qurilishiloyihasini moliyalashtirishga yetakchi xalqaro institutlar, shu jumladan, Osiyo taraqqiyot banki hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki qiziqish bildirgan.
Loyiha tarmoqning ilmiy va ishlab chiqarish salohiyatini mustahkamlash, minglab xonadonlar va yangi korxonalarni “yashil” energiya manbai bilan taʼminlashga xizmat qiladi. Shuni ham taʼkidlash joizki, quriladigan gidroelektr stansiyalar mamlakatimiz ehtiyojlari uchun 1 milliard 400 million kilovatt soat ekologik toza elektr energiyasini ishlab chiqaradi. Bundan tashqari, gidroelektr stansiyalarni qurish va undan foydalanish davrida qoʻshimcha yangi ish oʻrinlari yaratilib, Oʻzbekiston va Tojikistonning boshqa mintaqalariga paritetlik asosida elektr energiyasi oqimini taʼminlaydi.
Ikki mamlakat gidroenergetika tarmoqlarini rivojlanishida yangi tarixiy sahifa ochildi va bu xalqlarimizning farovonligiga xizmat qiladi.
Abdurauf QORJOVOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri