Chet tillarini o‘rganishni ommalashtirishga qaratilgan ushbu loyihaning yangi mavsumida ishtirokchilarga jahonning eng nufuzli universitetlari - Garvard, Oksford, Yel, Standford va boshqa shu kabi oliygohlarga kirish hamda 100 foiz to‘liq grant yutish uchun kerakli maslahat, bilim hamda ko‘nikmalarni ulashish ko‘zda tutilgan.
Mazkur loyihada qatnashish uchun ishtirokchilar ikki bosqichdan iborat onlayn saralash jarayonidan so‘ng, oromgohga tanlab olindi. Alohida ta’kidlash joizki, 5000 ga yaqin talabgorlardan arizalar kelib tushdi va ularning orasidan 200 nafar eng bilimli yoshlar loyihaning ushbu mavsumida ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritishdi.
Loyihaning ochilish marosimi ham yuqori, pozitiv kayfiyatda tashkil etildi. Unda loyiha rahbari Sirojiddin Olimov so‘zga chiqib, yoshlarga xorijiy oliygohlarga kirish bo‘yicha O‘zbekistonning jahondagi reytingini oshirish borasidagi o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tdi. Shuningdek, punktual ishlash, taym-menejmentiga amal qilish, mas’uliyatli bo‘lish singari shaxsiy qobiliyatlarni rivojlantirish borasidagi tajribalarini ham bo‘lishdi.
— Barchangizda katta kuchga ega energiya bor. Uni to‘g‘ri yo‘lda aniq maqsadlar uchun sarflash lozim! Xabaringiz bor, o‘zbekistonlik yoshlar orasida rivojlangan mamlakatlardagi universitetlar, xususan, jahonning QS va Times Higher Education (THE) kabi reytinglari bo‘yicha kuchli yuztalikka kiruvchi bilim yurtlariga hujjat topshirish va kirish hozircha ommalashmagan. Birgina Oksford universiteti misolida, aksariyat aholisi yoshlardan tashkil topgan 36 millionlik O‘zbekistondan bor-yo‘g‘i 5 nafar talaba Britaniyaning mazkur universitetida o‘qiydi. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha mamlakatimiz Bangladesh (52), Pokiston (71), Ruminiya (132), Nigeriya (102) va Misr (26) kabi mamlakatlardan ortda turibdi. Loyihaning maqsadi esa yoshlar orasida shunday universitetlarga kirish maqsadini targ‘ib qilish orqali rivojlangan mamlakatlarga borib, bilim va tajriba to‘plab kelish madaniyatini ommalashtirishdan iborat. Va o‘ylaymanki, ko‘zlagan maqsadimizga, albatta, erishamiz!, — dedi Sirojiddin Olimov.
Oromgohning yoz faslida uch mavsumini tashkil etish rejalashtirilgan. Dastlabki ikki mavsumdagi bir haftalik dastur davomida yoshlarning chet el nufuzli universitetlarining bakalavriat bosqichiga, qolgan bir mavsumida esa magistratura va undan yuqori bosqichdagi ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga kirishlari uchun amaliy yordam beriladi.
Darslar nufuzli oliygohlarga o‘qishga qabul qilingan trenerlar jamoasi, “Freshman Academy” mutaxassislari, Yevropa va AQSHda tahsil olib qaytgan o‘zbekistonlik yoshlardan tarkib topgan. Seminar va amaliy mashg‘ulotlardan tashqari taniqli ekspertlar bilan master klasslar, jamoani jipslashtiruvchi o‘yinlar, bahs-munozara va notiqlik bo‘yicha ko‘rik-tanlovlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
Ma’lumot uchun, oromgohning ikkinchi yozgi mavsumi 30 iyul sanasiga qadar "Bo‘stonliq" yoshlar oromgohida davom etadi.