Yozuvchi va olim Mamatqul Joʻrayev vafot etdi

    Tashvishli xabar 24 Avgust 2021 2805

    Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori institutining folklor boʻlimi mudiri, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, filologiya fanlari doktori, professor Mamatqul Joʻrayev 2021-yilning 24-avgust kuni 65 yoshida olamdan oʻtdi.

    Mamatquli Joʻrayev 1956-yil 1-oktyabrda Buxoro viloyatining Qorakoʻl tumanida tugʻilgan. 1978-yili Toshkent davlat universiteti (hozirgi OʻzMU)ni tamomlagan. Maʼlumoti boʻyicha mutaxassisligi – filolog, oʻzbek tili va adabiyoti oʻqituvchisi. 1987-yili filologiya fanlari nomzodi, 1997-yili filologiya fanlari doktori ilmiy darajasini olgan.

    Mamatqul Joʻrayev “Sehrli raqamlar siri”, “Oʻzbek xalq ertaklarida sehrli raqamlar”, “El desa Navoiyni”, “Navroʻz”, “Ipak yoʻli afsonalari”, “Oʻzbek xalq taqvimi va mifologik afsonalar”, “Oʻzbek xalq samoviy afsonalari”, “Oy oldida bir yulduz”, “Mif, folklor va adabiyot” singari 30 dan ortiq monografiya va kitoblar muallifi.

    U oʻzbek filologiyasining atoqli namoyandalaridan biri, xalq ogʻzaki badiiy ijodiyotini keng koʻlamda tadqiq etishdan iborat fundamental ilmiy maktabga asos solgan fan tashkilotchisi, eposshunoslikning koʻplab nazariy masalalarini jahonshumul darajada hal qilgan yirik folklorshunos olim edi.

    Mamatqul Joʻrayev davlatimiz tomonidan “Shuhrat” medali, “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvoni bilan taqdirlangan.