2020-yil 10-avgust soat 16:30 da “Lada-Largus” rusumli avtomashina haydovchisi Xovos tumanidan Dashtobod yoʻnalishiga qarab harakatlanib ketayotgan vaqtida, Zomin tumani hududidan oʻtuvchi A-376-avtomobil yoʻlining 239 kilometrida oʻzidan oldinda ketayotgan avtomashinani quvib oʻtish uchun qarama-qarshi yoʻnalishga chiqqan.
Lekin shu yoʻnalishda harakatlanib kelayotgan “Isuzu” rusumli yuk mashinasining oldi tomoniga borib urilib, yoʻl-transport hodisasi sodir qilgan.
Natijada, “Lada-Largus” rusumli avtomashina yoʻlovchilari 31 yoshli va 55 yoshli ikki nafar ayollar hodisa sodir boʻlgan joyda vafot etgan. “Lada-Largus” avtomashina haydovchisi, 30 yoshli yoʻlovchi va uning farzandlari: 6 yoshli qizi, hamda 4 yoshli oʻgʻli turli tan jarohatlari bilan tuman tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan.
Mazkur holat yuzasidan Zomin tumani IIO FMB huzuridagi Tergov boʻlimi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi (odamlar oʻlimiga olib kelgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti.