Navoiy viloyatining Zarafshon, Uchquduq, Navoiy shaharlarida koʻp qavatli imoratlarda yashaydigan aholiga davlat xizmati koʻrsatilishidagi muammo tufayli fuqarolarning eʼtirozlari tinmayapti. Toʻgʻrida kim ham ortiqcha mablagʻ sarflagisi keladi. Bu muammodan Oʻzbekiston respublikasi Uy-joy kommunal Vazirligi xabar topib ham masalaga yechim yoʻq.
Aslida xalqning talabi ham toʻgʻri. Vazirlar Mahkamasining 698-sonli qaroriga muvofiq, yuridik va jismoniy shaxslarga elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik va issiq suvni hisobga olish uskunalarini, yaʼni hisoblagichlarini yechish, qiyoslashdan oʻtkazish va oʻrnatish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatish 2019-yilning noyabr oyidan amalga oshirilishi joiz edi. Bu borada ishlar qilinmoqda, gaz va elektr energiyasida muammo ham yoʻq. Tizim mutasaddilari har bir xonadonga gaz va elektr hisoblagichlarini yangidan oʻrnatib chiqishmoqda. Ammo, suv hisoblagichlarini qiyoslashning Navoiy viloyatidagi Zarafshon, Uchquduq va Navoiy shaharlaridagi koʻp qavatli uylarda yashayotgan fuqarolarga bunday xizmat koʻrsatishning imkoni yoʻq.
Bunga sabab nima deysizmi?
Sabab, Navoiy shahridagi mazkur koʻp qavatli imoratlarga kommunal xizmat koʻrsatish boʻyicha yumushlarni avvaliga Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga qarashli uy-joy kommunal boshqarmasi bajarib kelgan. Bu idora hukumatning yuqorida qayd etilgan qarorida belgilangan xizmat koʻrsatuvchi taʼminotchi tashkilotlar orasida yoʻq. Aniqrogʻi, bu tashkilotning elektron bazasi Navoiy shahar DXM bazasiga integratsiya qilinmagan. Yanayam aniqrogʻi, fuqaro murojaatlarini taʼminotchi tashkilotga tashlab berishning iloji yoʻq. Natijada xalq bir yilu besh oydan buyon sarson-sargardon. Xullas, kombinat, standartlash, suv taʼminoti (ichimlik va issiq suv) idoralari, davlat xizmatlari markaziga qatnayotgan odamlarning ahvolini tushuntirib berish mushkul. Eng asosiysi, odamlarga masala mohiyatini tushuntirishning imkoni yoʻq, goʻyo barcha muammolar yechimi eshigi Davlat xizmatlari markazida deb oʻylashmoqda.
Ayb kimda?
Xoʻsh, murojaat qabul qilish uchun tizim integratsiya qilinmagan boʻlsa, markaz xodimlari nima qila olishi mumkin? Eng yomoni bir yilu besh oy mobaynida aholiga uy joy kommunal xizmat koʻrsatadigan taʼminotchi tashkilotlar ham tinimsiz oʻzgarmoqda. Navoiy kon metallurgiya kombinatiga qarashli uy-joy kommunal boshqarmasi tugatilgan, chunki kombinat aholiga kommunal xizmatlar koʻrsatadigan uy-joy kommunal boshqarmasini oʻz tasarrufidan chiqardi. Ayni kunda Navoiy viloyatidagi Navoiy, Uchquduq va Zarafshon shaharlaridagi koʻp qavatli uylarga xususiy shirkatlar taʼminotchi tashkilot sifatida kommunal xizmatlar koʻrsata boshladi. “Uy-joy mulkdorlari shirkatlari” va “Issiqlik manbai” Davlat unitar korxonasi viloyat filiali oʻrtasidagi tushunmovchilik bois xalq aziyat chekayotgani bor gap. Chunki, aholiga ichimlik suvi va issiq suv uchun hisoblagichlarni qiyoslovdan oʻtkazish mazkur ikki tashkilot gardanida...Faqatgina xalqning shu ikki tashkilot mutasaddilariga “rangi sargʻaymasligi uchun” hukumat qarori bilan aholi murojaatlari Davlat xizmatlari markazlari orqali qabul qilinmoqda, xolos.
Natijasiz qolayotgan murojaat
DXA Navoiy viloyati boshqarmasi boshligʻi bir emas 5-6 marotaba “Uy-joy mulkdorlari shirkatlari” va “Issiqlik manbai” Davlat unitar korxonasi viloyat filiali qilgan murojaatlari ham natija bermadi. Na aholiga kommunal xizmat koʻrsatuvchi tashkilot bazasi integratsiyalashdi, na masala yechim topildi, na yozishmalar tindi. Hatto, Navoiy viloyatidagi mazkur muammodan Uy-joy kommunal Vazirligi ham xabardor. Biroq, bu jarayon qancha vaqt davom etadi, bu hech kimga maʼlum emas.
Aholi nima deydi?
“Butun Oʻzbekiston boʻylab odamlar shu xizmatdan markazlar orqali birgina murojaati bilan olayotgan boʻlsa, nega Navoiy Uchquduq, Zarafshon shaharlari aholisi bunday imkoniyatdan foydalana olmaydi?”, deydi nafaqadagi fuqaro Olga Sashina. «Xoʻsh, bu yugur-yugurlarning oxiri bormi?, — deydi fuqaro Renat Xayrulin. “Hisoblagichlar boʻyicha ishlatgan issiq suv va ichimlik suviga toʻlovni iqtisod qilib ishlatamiz. Ammo? hisoblagichsiz odam boshiga toʻlanadigan toʻlovlar ancha qimmatlik qiladi”, — deydi navoiylik faxriylar. Shu oʻrinda, DXA Navoiy viloyati boshqarmasi boʻlim boshligʻi Adham Yarkulov hech yoʻqsa aholining pulini tejash maqsadida bergan huquqiy maslahati oʻrinlidir. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 698-sonli qarori bilan qabul qilingan Maʼmuriy reglamentining 3-ilovasi 7-bandida koʻrsatilganidek, taʼminotchi tashkilot talabgorni 30 kun avval yozma ogohlantirmasdan meʼyoriy hisob-kitoblarni amalga oshirishi noqonuniydir.
Ogʻriqli masalaga bir yilu besh oy boʻldi...
Toʻgʻrisi, Navoiy shahar DXMga kuniga 30-40 nafargacha fuqarolar aynan shunday murojaat bilan kelib ketmoqda. Endi oʻylab koʻring, shahar aholisi 2019-yilning noyabr oyidan buyon qatnaydi. 2019-yilning kuzida boshlangan bu ogʻriqli masalaga bir yilu besh oy oʻtibdiki, 2021-yilning bahorida ham muammoligicha qolmoqda.
Nodira Samandarova.
DXA Navoiy viloyati boshqarmasi axborot xizmati