Yugurish foydalimi yoki piyoda yurish?

    Salomatlik 21 Noyabr 2021 4520

    Ushbu savolga Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Aholining sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi direktori Barno Odilova javob berdi:

    — Piyoda yurish sezilarli darajada kaloriya parchalash imkonini beradi va organizm kaloriya yoʻqotadi, — deydi B. Odilova. — Masalan, 70 kilogramm vaznga ega boʻlgan kishi yugurish vaqtida soatiga taxminan 500-600 k/kaloriya, xuddi shu odam piyoda yurish davomida soatiga 250 k/kaloriya sarflaydi. Boshqacha aytganda, ortiqcha kaloriyani yoʻqotish boʻyicha yarim soatlik yugurish bir soat piyoda yurishga teng.

    Har qanday holatda ham kaloriyalar ustida ishlash kerak boʻlsa, yaxshilab oʻylab koʻring, sizga 2-3 soat piyoda sayr qilgan maʼqulmi yoki 1 soat yugurish. Oxir-oqibat yoʻqotilgan kaloriyalar miqdori boʻyicha samara bir xil boʻladi.

    Har bir qadam energiya sarflanishi, gormonlar ishlab chiqilishi, mushaklardagi qon taʼminotining yaxshilanishi evaziga ularning kislorod bilan boyishiga xizmat qiladi. Natijada tananing umumiy holati yaxshilanadi.

    Yurganda har daqiqada 5 kaloriya yoʻqotiladi (oʻtirganda 1 kaloriya). Ogʻirlik qancha koʻp boʻlsa, energiya shuncha koʻp sarflanadi. Misol uchun, 72 kilogramm ogʻirlikdagi inson 1,5 kilometr yurganda 105 kaloriya, 100 kilogramm ogʻirlikdagi katta yoshli odam 135 kaloriya yoʻqotadi va sogʻligiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

    Doim piyoda yurgan inson barcha qon tomirlar, jumladan, limfalar harakatlanishini yoʻlga qoʻyadi. Bu bilan organizmdagi barcha ortiqcha tuzlar va toksinlar chiqib ketadi. Natijada tana tozalanib, inson yengil harakatlanadi, sogʻligi yaxshilanadi va umri uzayadi.

    Mutaxassis bilan suhbatini Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati olib bordi.