Prezidentimizning 2020-yil 12-iyundagi “2020/2021 oʻquv yilida Oʻzbekiston Respublikasining oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida Namangan viloyati uchun shunday imtiyoz asosida xotin-qizlarga 75 ta oʻrin ajratilgan.

Namangan muhandislik-texnologiya instituti rektori, fizika-matematik fanlari doktori, professor Odiljon Mamatkarimov oliygohga ushbu imtiyoz asosida talabalik baxtiga musharraf boʻlgan talaba qizlar bilan uchrashdi.

Uchqoʻrgʻon tumanida istiqomat qilayotgan Mahliyo Abdukarimova va Shahnozabonu Gʻulomovalarning xonadonlariga tashrif, qizgʻin va samimiy ruhda kechgan uchrashuvlar talabalar va ularning ota-onalari uchun kutilmagan sovgʻa boʻldi.

Institut rahbari talabalik baxtiga muyassar boʻlgan qizlarni samimiy tabriklab, ularga kelgusida tahsil olish jarayonida katta yutuqlarga erishishlarini, bilimli va yuksak malakali kadrlar boʻlib yetishishlariga tilak bildirdi. Prezident tashabbusi bilan berilgan imkoniyatning ilk sovrindorlari boʻlgan talaba qizlarga rektor tabriknomasi oʻqib eshittirilib, esdalik sovgʻalari va badiiy kitoblar taqdim etildi.

– Eng avvalo, bizga yaratilgan bunday sharoit va imtiyozlar uchun Prezidentimizga ming rahmat, – deydi Shahnozabonu Abdukarimova. – Men uchun Namangan muhandislik-texnologiya institutida tahsil olish sharaf, shu bilan birga ulkan masʼuliyatdir. Oliygohda dizayn yoʻnalishida chuqur bilim olib, kelgusida Vatanimiz dovrugʻini yuksak choʻqqilarga koʻtaradigan, xalqimizga sadoqat bilan xizmat qiladigan munosib farzand boʻlishga astoydil intilaman.