Oxirgi besh yilda sogʻlom turmush tarzini targʻib etish, sportsogʻlomlashtirish jarayonini kuchaytirish, keng aholi qatlami orasida jismoniy tarbiya va sportning ommaviyligini yanada oshirish, zamonaviy sport majmualarini barpo etish va barcha zarur jihozlar, anjom hamda inventarlar bilan taʼminlash, sportning har bir turini takomillashtirishning huquqiy-meʼyoriy hujjatlari qabul qilindi. Sport musobaqalarining koʻlami va nufuzi oshdi. Rivojlangan davlatlarning ilgʻor tajribasi ilmiy asosda oʻzlashtirilib, sport-taʼlim muassasalarining moddiy-texnik bazasi mustahkamlana boshladi.
Xalqaro hamkorlik doirasida xorijning yetuk mutaxassisu murabbiylari yurtimizda faoliyat yuritib, iqtidorli sportchi yoshlarga mahorat darslari va mashgʻulotlar oʻtkazmoqda. Bugun yurtimizning hamma hududlarida sportning barcha turlari boʻyicha toʻgarak va seksiyalar farzandlarimizni sogʻlom turmush tarziga oshno etmoqda. Ammo eng asosiy masala professional sport bilan muntazam shugʻullanuvchilar sonini sifat jihatidan oshirish va nufuzli musobaqalarda kerakli natijaga erishishdir.
Ijtimoiy tarmoqlar yaqinda Serbiyada oʻtkazilgan boks boʻyicha jahon chempionati musobaqalari haqida turlicha fikr-mulohazalarni bildirgan boʻlsa, koʻcha-koʻy, guzaru choyxonalar, koʻpchilik yigʻiladigan maskanlarda odamlar bir-biriga zid mulohazalarni gapira boshladi. Taajjublanarlisi shuki, jamoatchilikning bir-biriga nomutanosib fikrlariga mutasaddilar tarafidan hech bir munosabat bildirilmadi. Masalaga xolisroq va kengroq yondashish zarur. Avvalo, dunyoda barcha sohalar jadal rivojlanmoqda. Jismoniy tarbiya va sport sohasi ham dunyo takomiliga xos hamda mos ravishda oʻzgaryapti. Bu — haqiqat.
Ikkinchidan, sport turlari orasida jiddiy raqobat kuchaygandan kuchaymoqda. Muayyan sport turida mutlaq gʻoliblikka erishishni yillar davomida saqlab turish juda qiyin masalaga aylandi. Aytaylik, boksda bir vaqtlar Kuba, sobiq ittifoq yoxud AQSH, futbolda Braziliya, qilichbozlikda Italiya, tennisda Argentina jamoalari mutlaq gʻolibl ikni yillar davomida hech kimga bermagan boʻlsa, bu holat hozirgi taraqqiyot zamonida tez-tez oʻzgarib turibdi. Jamoalar muntazam mashgʻulot, innovatsion yondashuv, kreativ fikrlash, raqiblarni izchil oʻrganish asnosida muvaffaqiyatga erishmoqda.
Yana jahon chempionatiga qaytamiz. Muttasil tahliliy jarayon natijasida Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Rossiya Federatsiyasi, Ozarbayjon, Kuba bokschilari boks maktablarining faoliyatini chuqur oʻrganib yutuqlarga erishgan boʻlsa, Ekvador, Kolumbiya, Indoneziya, Hindiston, Janubiy Koreya, Irlandiya boks maktablari taraqqiyot pillapoyalaridan shiddat bilan chiqib kelmoqda. Oʻz-oʻzidan xulosa qilinadiki, biz raqobatga doim tayyor turishimiz kerak.
Uchinchidan, boshqa sohalardan farqli oʻlaroq, sport, ayniqsa, professional sport “Yashartirish” masalasiga koʻproq toʻqnashadi. Terma jamoa aʼzolarini muayyan vaqtda yosh, navqiron sportchilarga almashtirish zarur. Tajribali va malakali murabbiylar bu masalani jamoaning umumiy mavqeiga putur yetkazmay amalga oshiradi. Serbiyadagi jahon chempionatida qatnashgan terma jamoamiz aʼzolarini ham bosh murabbiy yashartirishga harakat qilgan. Bu jarayonni qoralab boʻlmaydi.
Prezidentimiz tomonidan Yangi Oʻzbekistonning rivojlanish asoslarini oʻzida jamlagan, yetti ustuvor yoʻnalishdan iborat “Harakatlar strategiyasidan — Taraqqiyot strategiyasi sari” konsepsiyasida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish, tuman va shaharlarda sport turlarini yanada takomillashtirish asnosida nufuzli musobaqalarda ishtirok etuvchi sportchi-yoshlar safini kengaytirish faqat ilm olish va yaxshi tarbiyaga bogʻliqligi alohida taʼkidlandi. Yurtimiz sportchilarining Olimpiada va Paralimpiya, Osiyo, jahon chempionatlari va nufuzli xalqaro musobaqalardagi ishtirokini yaxshilash uchun uch masalaga alohida eʼtibor berish maqsadga muvofiq:
Birinchidan, barcha, ayniqsa, olimpiya sport turlari boʻyicha terma jamoa aʼzolari dunyo sport olamidagi oʻzgarishlarni muntazam kuzatib borishi, sohaning yetuk mutaxassislari ishtirokida tahlildan oʻtkazib, zaruriy xulosalarga kelishi shart.
Ikkinchidan, raqobatga bardosh beradigan sportchilarni tarbiyalash, nufuzli mamlakatlarga raqobatchi davlat boʻlish maqsadida jismoniy tarbiya va sport tizimidagi ilmiy yangiliklardan, taktika va hujum uslubidagi oʻzgarishlardan doimiy tartibda xabardor boʻlishi kerak. Nega kunchiqar yurt Yaponiya yoxud Janubiy Koreya sportchilari eng nufuzli musobaqalarda yuqori pogʻonani hech kimga bermaydi? Nega xitoylik sportchilar eng nufuzli musobaqalarda nomdor mamlakatlar — Rossiya, AQSH, Fransiya, Italiya, Yaponiyani asta-sekin ortda qoldirmoqda? Bu savollarga faqat ilm olish, muttasil izlanish orqali javob berish mumkin.
Uchinchidan, sport jamoalari, ayniqsa, milliy terma tarkibiga tavsiya etilganlar, davlat sport taʼlimi muassasalari oʻquvchi hamda talabalari uchun psixolog xizmati muntazam ravishda tashkil etilishi maqsadga muvofiq. Sport psixologlarini koʻpaytirish, malakali mutaxassislarni tayyorlash, jahon sporti psixologiyasining eng sara jihatlarini ijodiy oʻzlashtirib, milliy terma jamoalarimiz muvaffaqiyatini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining sport psixologiyasi yoʻnalishiga qabul kvotasini oshirish, xorijdan olimlarni taklif etib, jamoalar bilan ishlash tizimini yoʻlga qoʻyish zarur.