Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni bilan 4 nafar yurtdoshlarimiz, xususan, Yunus Rajabiy nomidagi Oʻzbek milliy musiqa sanʼati instituti “Maqom xonandaligi” kafedrasi professori Yoʻlchiyeva Munojatxon Abduvaliyevnaga “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni berilib, oliy nishon — “Oltin yulduz” medali topshirildi.
Shu munosabat bilan Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ustoz sanʼatkor bilan uchrashib, davlatimiz rahbari nomidan uni samimiy qutladi.
Sirasi kelganda taʼkidlash joizki, Munojat Yoʻlchiyeva oʻz mehnati, sabru-qanoati va ustozlari Oʻzbekiston xalq artisti Muhammadjon Mirzayev, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Shavkat Mirzayevga nafaqat yaxshi shogird balki farzandidek xizmatda boʻlgani, ularning har bir sabogʻiga ham hayotda, ham ijodda amal qilgani uchun ham bugungidek muvaffaqqiyatlarga erisha oldi.
Darhaqiqat, ustoz sanʼatkorning ana shunday oliy insoniy fazilati bugun sanʼatga qadam qoʻygan koʻplab yoshlar uchun ibrat maktabi boʻla oladi.
— Oʻzbek maqomini, shu bilan birga haqiqiy oʻzbek ayoli siymosini butun dunyoga tanitgan, chin maʼnoda “Maqom malikasi” nomiga munosib boʻlgan Munojatxonim Yoʻlchiyevani mehnatlarining eng munosib bahosi — ushbu yuksak unvon bilan chin dildan samimiy muborakbod etamiz, dedi Ozodlbek Nazarbekov.