“Yuksalish” harakati rahbar ayollarning TOP-40 reytingini yangiladi

    “Yuksalish” harakati Ijtimoiy-iqtisodiy tashabbuslar instituti ekspertlari bilan hamkorlikda boshqaruv tizimidagi rahbar ayollarning TOP-40 reytingini yangiladi.

    Kuchli qirqtalik roʻyxatni shakllantirishda ekspertlar tomonidan 300 nafardan ortiq nomzod faoliyati tahlil qilindi. Ular mehnat qilayotgan tashkilotlarning mamlakat siyosiy kun tartibini shakllantirishdagi, tarmoqlarda oʻzgarishlarni amalga oshirishdagi institutsional taʼsir darajasi, fuqarolik jamiyatidagi oʻrni inobatga olindi.

    Natijada bugun siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy tarmoqlar rivojiga salmoqli hissa qoʻshayotgan, sohalarda muhim vazifalarni bajarib kelayotgan 40 nafar rahbar ayollarning yillik reytingi tuzildi.

    Reytingga kirgan ayollar turli sohalarda faoliyat yuritadi, jumladan, Prezident Administratsiyasi tizimida – 4 nafar, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida – 4 nafar, Senatda – 6 nafar, Vazirlar Mahkamasida – 3 nafar, qoʻmitalar, idoralar va markazlarda – 11 nafar, siyosiy partiyalar va prokuratura organlarida har birida bittadan, taʼlim sohasida – 5 nafar, moliya sohasida – 3 nafar, inson huquqlarini himoya qilish sohasida – ikki nafardan vakil.

    Reytingdagi rahbar ayollarning 6 nafari oʻtgan bir yil mobaynida mansab pillapoyalaridan koʻtarilib, yuqori lavozimlarga tayinlangan.

    Maʼlumotlarga koʻra, hozirda respublikamiz siyosiy partiyalaridagi xotin-qizlarning ulushi 47 foizga, oliy taʼlimda 48 foizga, tadbirkorlik faoliyatida esa 37 foizga yetgan. Rahbarlik lavozimlarda ishlayotgan ayollar ulushi 33 foizni tashkil etadi. 2 mingga yaqin davlat va jamoat tashkilotlariga ayollar rahbarlik qilmoqda. Bu raqamlar davlat rivojida, ijtimoiy-siyosiy hayotda xotin-qizlarning roli va mavqei ortib borayotganidan dalolat beradi.

    Reytingdagi rahbar ayollar tanlagan kasbida endigina faoliyatini boshlab, kelajagini davlat boshqaruvida koʻrayotgan yoshlar uchun namunadir.

    "Yuksalish" harakati matbuot xizmati