Muloqot davomida Ahmad Shahid texnik koʻmak dasturini amalga oshirish va mamlakatda din va eʼtiqod erkinligi sohasidagi dasturlarni yana-da targʻib qilish uchun Oʻzbekistondagi manfaatdor tomonlarning salohiyatini oshirish boʻyicha faoliyati toʻgʻrisida gapirdi.

“Yuksalish” umummilliy harakati raisi respublikada inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi ijobiy oʻzgarishlar haqida maʼlumot berib, xususan, davlat rahbari din erkinligi va jamiyatning radikallashuviga qarshi kurash masalalariga alohida eʼtibor qaratayotganini taʼkidladi.

Diniy eʼtiqod erkinligi va radikallashtirish oʻrtasidagi farq va chegaralarni anglash, ularni huquqiy tartibga solish prizmasi orqali koʻrib chiqish, shuningdek, jamoat tuzilmalari va ularning bu sohadagi faoliyatining oʻrni muhimligi qayd etildi.

Manfaatdor tomonlarning salohiyatini oshirish yoʻnalishlari qatorida B. Bekmurodov quyidagilarni taklif qildi:

  • mamlakatda yuz berayotgan oʻzgarishlar va qabul qilingan meʼyoriy hujjatlarni keng jamoatchilik uchun ochiq boʻlgan til va formatda (masalan, ijtimoiy reklama, animatsion roliklar orqali) aholi oʻrtasida xabardorlikni oshirish;
  • tele loyihalar, mahalliy va xorijiy mutaxassislar ishtirokida ommaviy muloqotlar orqali aholining savodxonligini va diniy taʼlimini oshirish;
  • vaziyatni har tomonlama baholash uchun qaror qabul qiluvchilar bilan siyosiy muloqotlar tashkil etish;
  • din va eʼtiqod erkinligini taʼminlash sohasida amalga oshirilayotgan davlat siyosati yuzasidan jamoatchilik nazoratini oʻtkazish va muqobil hisobotlarni tayyorlash;
  • Oʻzbekiston tomonidan xalqaro majburiyatlarning bajarilishini nazorat qilish.

BMTning Din yoki eʼtiqod erkinligi masalasi boʻyicha maxsus maʼruzachisi Tashqi byurosi xodimlari Oʻzbekistonda qoʻshma tadbirlarni oʻtkazishga qiziqish bildirdi va Harakat tomonidan taklif qilingan yoʻnalishlar va erkinlik sohasida potensial ish rejasi oʻrtasida uygʻunlik mavjudligini tasdiqladi, deb xabar beradi “Yuksalish umummilliy harakati matbuot xizmati.

Maʼlumot uchun: Maxsus maʼruzachi Ahmad Shahid 2017-yilda Oʻzbekistonga tashrif buyurgan. Tashrif yakunlari boʻyicha mamlakatda din va eʼtiqod erkinligini yana-da samarali targʻib qilish, himoya qilish va hurmat qilish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqildi. Maxsus maʼruzachining tavsiyalari asosida Oʻzbekiston Parlamenti palatalari 2018-yilda “yoʻl xaritasi”ni shakllantirdi.