Ko'pchiligimiz biror-bir tovar (ayniqsa maishiy texnika) yoki xizmatni sotib olishdan oldin u to'g'risidagi odamlarning fikrlari, izohlari, mahsulot xarakteristikasini o'rganishga harakat qilishimiz tabiiy hol.
Tovar va xizmatlarni tanlashning yana bir aniq va ishonchli vositasi turli reytinglar va ekspertiza natijalari hisoblanadi. Bugungi kunda keng tarqalgan va ko'pchilik uchun taniqli — “yulduzcha”, “klass” yoki “yurakcha” ko'rinishidagi belgilar iste'molchilarning mazkur tovar yoki xizmatga bo'lgan fikrini ko'rsatishi bilan muhim ahamiyat kasb etadi. Xo'sh, dunyoda tovar va xizmatlarni baholashning yana qanday tizimlari qo'llaniladi?
Janubiy Koreyada o'z iste'molchilari to'g'risida qayg'uradigan turistik agentliklar, umumiy ovqatlanish, gaz ta'minoti korxonalari, kichik do'konlar, logistika, tibbiyot muassasalari kabi ko'plab tarmoqlar korxonalarini sertifikatlash tizimi mavjud (Consumer Centered Management – “CCM”). Bu milliy sertifikatlash tizimi bo'lib, Koreya iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi uni baholab boradi, bu baholash natijalari asosida Haqqoniy savdo bo'yicha komissiya mazkur korxonalarga sertifikat taqdim etadi. Ushbu tizim korxona faoliyati iste'molchilar uchun yo'naltirilganligini baholash imkonini beradi. Bunday turdagi baholash tadbirlari har ikki yilda bir marta o'tkaziladi. Ta'kidlash muhimki, komissiya bunday korxonalar faoliyatini har xil yo'llar bilan rag'batlantirishi, mukofot taqdim etishi yoki ularning o'z mahsulotlari markirovkasiga sertifikatlanganlik to'g'risidagi SSM belgisini qo'yishga ruxsat berishi mumkin.
Singapur. Singapur oziq-ovqat agentligi (Singapore Food Agency) umumiy ovqatlanish korxonalari va chakana savdo shoxobchalarini sertifikatlash va reytingini yuritish bo'yicha tizimli ishlarni olib boradi. Agentlik gigiyena, tozalik va mahsulotlarni saqlash sharoitlariga o'rnatilgan talablar asosida chakana savdo hamda umumiy ovqatlanish korxonalarini baholab boradi. Bunday tizim korxonalarni (ularning xodimlarini) shaxsiy gigiena va mahsulotlarni saqlash qoidalariga rioya etishga undaydi, korxonalar o'z navbatida bino kirish joyiga baholash natijalariga ko'ra darajasi ko'rsatilgan sertifikatni osib qo'yishlari mumkin bo'ladi. Iste'molchilar esa mazkur sertifikatga asosan korxonalar darajasini aniqlashi mumkin.
Birlashgan Qirollikda umumiy ovqatlanish va aholi salomatligini nazorat qilish bo'yicha faoliyat yurituvchi Oziq-ovqat xavfsizligi agentligi (Food Safety Agency) faoliyat yuritadi. Agentlik mustaqil davlat idorasi hisoblanib, mahalliy hokimiyat bilan hamkorlikda oziq-ovqat gigienasi talablariga rioya etish reytingini ishlab chiqqan. Baholash natijalariga ko'ra, sertifikatlar restoran, kafe, do'kon, mehmonxona, maktab, kasalxona, supermarket, novvoyxona va tansiq taomlar do'konlarga berilishi ko'zda tutilgan. O'rganish natijalariga ko'ra reyting yorlig'i va sertifikat beriladi. Uels va Irlandiyada tadbirkorlar ushbu yorliqlarni o'z binolarida joylashtirishga majbur bo'lsa, Angliyada o'z reyting darajasini ko'rsatish majburiy hisoblanmaydi.
O'rganish va tahlil tizimi 5 ballik shkalada baholanadi. Aynan shu baho korxonalarning o'rnatilgan talablarga qay darajada javob berishi yoki bermasligini ko'rsatib beradi. Past balga ega bo'lgan korxonalar yaqin vaqtlarda o'zlarining gigienaga amal qilish ko'rsatkichlarini yaxshilashlari talab etiladi, aks holda, Agentlik ular o'z faoliyatlarini yaxshilanguniga qadar yopish/tugatish vakolatiga ega.
Avstraliya va YAngi Zelandiya. Avstraliya va Yangi Zelandiya hukumatlari sanoat, jamoat salomatligi va iste'molchilar guruhlari ishtirokida mahsulotlar reytingi tizimini ishlab chiqishda rahbarlik qildi (Health Star Rating System). Unga ko'ra tovar qadog'ini old tomonida maxsus belgi joylashtirilishi lozim. Mazkur tizim 2014-yilda ishga tushirilgan bo'lib, unda qatnashish ixtiyoriy etib belgilangan va unga ko'ra faqatgina qadoqlangan oziq-ovqat mahsulotlariga ularning foydalilik darajasiga qarab 0,5 dan 5 yulduzgacha baho berish ko'zda tutilgan.
Iste'molchilarga mahsulotni tanlashda qulaylik tug'dirishidan tashqari, mazkur tizim ishlab chiqaruvchilarni ham o'z mahsulotlari tarkibini yaxshilashga, zararli moddalar miqdorini kamaytirishga e'tibor qaratishiga zamin yaratdi. Yangi Zelandiyada o'tkazilgan o'rganishlar “Health Star Rating tizimi”ni joriy etish ayrim mahsulotlar tarkibini tubdan yaxshilanishiga olib kelganligini tasdiqladi.
Bizning mamlakatimizda yuqoridagi kabi reytinglarni ishlab chiqish, yuritish va mezonlarni o'rnatish O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 3-fevraldagi “2017—2021-yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha harakatlar strategiyasini «Yoshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi to'g'risida”gi Farmoniga muvofiq, Monopoliyaga qarshi kurashish qo'mitasi huzuridagi Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligiga yuklatilgan. Mazkur vazifani bajarish maqsadida reytingni yuritish metodikasi ishlab chiqildi. Reytingning asosiy maqsadi tadbirkorlik subyektlari tomonidan iste'molchilar huquqlarini himoya qilish to'g'risidagi qonun talabariga rioya qilish darajasi, iste'molchilarning tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga berilgan bahosini aniqlash hamda O'zbekiston Respublikasi hududida iste'molchilar huquqlari ustuvorligini ta'minlagan tadbirkorlik sub'ektlari to'g'risida ochiq ma'lumotlar bazasini yaratishdan iborat.
L. SHARIFOVA,
Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi mutaxassisi