Ushbu mahsulotning afzalliklari bois bugun koʻpchilik bemorlar koʻzoynak taqishni xohlamaydi. Biroq ushbu vosita ham kamchiliklardan xoli emas. Xususan, ayrim bemorlar undan foydalanganda turli noqulayliklarni his etadi.
Xoʻsh, buning sabablari nimada?
Sogʻliqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati ushbu mavzuda Respublika koʻz kasalliklari klinik shifoxonasi bosh shifokori Otabek Ikromovga murojaat qildi.
— Avvalo, ob-havo va iqlim hamda ish sharoiti uchun notoʻgʻri tanlangan linzalar bunga sabab boʻlishi mumkin, — deydi shifokor. — Qolaversa, turli koʻz kasalliklari, xususan, shox pardaning shikastlanishi, konyunktivit, koʻzning jarohat olishi, yalligʻlanishi va boshqa yuqumli xastaliklar ham baʼzan bu noqulaylikni yuzaga keltiradi.
Shuningdek, koʻzni namlovchi suyuqlikning yetarli darajada ishlab chiqarilmasligi, linzani almashtirish yoki taqish jadvaliga rioya qilmaslik, va eng asosiysi, mutaxassis tavsiyalariga quloq tutmaslik ushbu muammoga sabab boʻladi.
Bunday vaqtda bemorlarda koʻpincha quyidagi holatlar kuzatiladi:
koʻz ogʻrigʻi;
koʻzda begona jismni his qilish;
qizarish va yiringlash;
fotofobiya (yorugʻlikka yuqori sezuvchanlik);
koʻzdan atipik oq shilimshiq moddaning oqishi va hokazo.
Noqulaylikning bir marta yuzaga kelishi baʼzan yumshoq kontakt linzalari bilan bogʻliq boʻlmasligi mumkin. Chunki u ilk bor qoʻllanilganda, tana moslashish davrini boshdan kechiradi. Bu vaqtda koʻzda biroz ogʻriq paydo boʻlishi normal holatdir.
Qolaversa, linza toʻgʻrilanayotganda koʻzda begona jism his qilish, yosh oqishining koʻpayishi kuzatiladi.Shuningdek, muayyan ob-havo sharoitida, masalan, kuchli shamol, sovuq havo yoki qor yogʻayotganda, konditsioner yoki isitish tizimi ishlab turgan ofislarda ham inson linza sababli koʻzida ogʻriq sezishi mumkin.
Bu esa ushbu vosita bilan bogʻliq holat emas. Ammo, agar bir haftadan ortiq vaqt bemor bu muammolardan xalos boʻlmasa, darhol linzani oʻrnatuvchi mutaxassisga murojaat qilishi lozim. Ehtimol, ushbu vosita notoʻgʻri tanlangan boʻlishi mumkin. Mutaxassis esa uni tanlashda nafaqat koʻzning anatomik xususiyatlari, balki bemorning ish sharoitini ham hisobga olishi zarur.
Sogʻliqni saqlash vazirligi
matbuot xizmati