YUNESKO o'zbek olimini mukofotladi

    YUNESKOning Bangladeshdagi Xalqaro ona tili instituti tomonidan eʼlon qilingan “Xalqaro ona tili mukofoti” tanlovining “Ona tilining xalqaro miqyosdagi tadqiqi” yoʻnalishida Oʻz FA Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti yosh tilshunos olimi Gʻulom Ismoilov oltin medalga loyiq deb topilgandi.

    21-fevral — Xalqaro ona tili kuni munosabati bilan Bangladeshning mamlakatimizdagi elchixonasida tantanali tadbir tashkil etildi. Mazkur tadbirda Hindistonning Oʻzbekistondagi elchisi Manish Prabhat, BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasidan Ashita Mittal hamda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi vakillari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti oʻqituvchi va talabalari, Oʻzbekistonning turli davlatlardagi faxriy elchilari ishtirok etdi. Tadbir davomida Bangladesh Xalq Respublikasining Favqulodda va muxtor elchisi janob Zahangir Alam tilshunos oʻzbek olimi Gʻulom Ismoilovga mukofotni topshirdi.

    Maʼlumot oʻrnida, Gʻulom Ismoilov “Oʻzbek tili leksikasi va terminologiyasining mustaqillik davri taraqqiyotini tadqiq etish” fundamental loyihasi doirasida ilmiy tadqiqotlar olib borib, 2011-yilda “Oʻzbek tili terminologik tizimlarida semantik usulda termin hosil boʻlishi” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan. Hozirgi kunda “Turkiy tillar frazeologizmlarining lingvokulturologik tadqiqi” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasi ustida izlanish olib bormoqda.