Toshkentda “Oʻzbekistonda oʻqituvchilarning malakasini oshirish yondashuvlarini moslashtirish va koʻlamini kengaytirish” ilmiy loyiha Boshqaruv qoʻmitasining virtual yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Tadbirda Oʻzbekiston Xalq taʼlimi vazirining birinchi oʻrinbosari Usmon Sharifxodjayev, shuningdek YUNESKOning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi, Abdulla Avloniy nomidagi ilmiy-tekshirish instituti hamda Oʻzbekiston Milliy universiteti vakillari ishtirok etdi.

Xalqaro taraqqiyot tadqiqot markazi koʻmagida tashkil etilgan tadbirdan asosiy maqsad - milliy manfaatdor tomonlar bilan birgalikda oʻqituvchilarning malakasini oshirish modellarini ishlab chiqishdan iborat.

Aytish joizki, YUNESKOning “Gana, Gonduras va Oʻzbekistonda oʻqituvchilarning malakasini oshirish yondashuvlarini moslashtirish va koʻlamini kengaytirish” loyihasi doirasida Xalqaro taraqqiyot tadqiqot markazi tomonidan (GPE -KIX) Taʼlim sohasidagi bilimlar va innovatsion almashuv boʻyicha global hamkorlik tashabbusi doirasida Oʻzbekistondagi oʻqituvchilar malakasini oshirishga 435 ming AQSH dollar ajratilishi koʻzda tutilgan.

Ikki yillik loyiha (2020-2022) doirasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Navoiy va Toshkent viloyatlarida 150 maktab va 600 dan ortiq oʻqituvchilarni jalb etgan holda ularning malakasini oshirish modeli ishlab chiqiladi.