Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati ma'lum qildi.
Hisobotda qayd etilishicha, soʻnggi 12-yil ichida bu borada ijobiy oʻsish tendensiyasi kuzatilmoqda. Xususan, ana shu davrda sayyoramiz boʻyicha ona suti bilan oziqlanadigan olti oylikkacha boʻlgan chaqaloqlar soni 10 foizga koʻpaygani quvonarli.
Bu, jahonda 48 foiz goʻdaklar sogʻlom hayot boshlash imkoniyatiga ega boʻlganini anglatadi. Ushbu statistika JSSTning 2025-yilda koʻkrak suti bilan parvarishlanadigan bolalar sonini 50 foizdan oshirishga doir global maqsadlariga yaqin.
Biroq hali mazkur yoʻnalishda oʻz yechimini kutayotgan muammoli masalalar bor. Vaholanki, chaqaloqlarni ona suti bilan oziqlantirish darajasini yaxshilash orqali yiliga 820 ming nafardan ziyod bolaning hayotini saqlab qolish mumkin.
Chunki koʻkrak suti tarkibidagi antitanalar goʻdakni turli kasalliklar, ayniqsa xavfli patologiyalardan himoyalaydi. Sogʻlom oʻsishi va rivojlanishini taʼminlaydi. Oʻz navbatida, onalarning saraton va baʼzi yuqumli boʻlmagan xastaliklarga chalinish xavfini kamaytiradi.
Biroq koʻp ayollar farzandlarini koʻkrak suti bilan oziqlantirish borasida malakali tibbiy maslahat olish imkoniyatiga ega emas. Baʼzilari emizishning chaqaloq va ona salomatligi uchun naqadar muhimligidan bexabar.
Ayrim mamlakatlarda sunʼiy ozuqalarni reklama va targʻib qilishga doir yetarli cheklovlar oʻrnatilmagan. Ona suti bilan parvarishlashni qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari ishlab chiqilmagan. Bu borada doimiy monitoring dasturlari mavjud emas.
Mehnat qonunchiligida belgilangan — xodimga emizish boʻyicha tanaffuslar berish kabi normalarga rioya etilishi nazorat qilinmaydi.
Butunjahon ona suti bilan oziqlantirish haftaligi davomida 7-avgustga qadar ushbu masalalar ham muhokamalar markazda boʻlishi kutilmoqda.