UNISEFning Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari boʻyicha mintaqaviy direktori Oʻzbekistonga tashrif buyurdi

    Mamlakatimizda 16 Noyabr 2021 1778

    Bugun UNISEFning Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari boʻyicha mintaqaviy direktori Afshan Xan xonim Oʻzbekistonga bir haftaga tashrif buyurdi. Bu uning ushbu lavozimda mamlakatga 2018-yildan beri ikkinchi tashrifidir.

    16-21-noyabr kunlaridagi tashrif davomida Xan xonim Oʻzbekiston hukumati va UNISEF oʻrtasida 2021-2025-yillarga moʻljallangan Mamlakat hamkorlik dasturini amalga oshirish boʻyicha istiqboldagi rejalarni muhokama qilish uchun yuqori martabali hukumat vakillari bilan uchrashadi. Poytaxtda va Qoraqalpogʻistonda boʻlib oʻtadigan uchrashuvlarda mamlakatda bolalar huquqlarini amalga oshirish, aholi ijtimoiy himoyasi va bolalarni himoya qilish tizimi, ona va bola salomatligi, sifatli va inklyuziv maktabgacha va oʻrta taʼlim, iqlim oʻzgarishining bolalar va yoshlarga taʼsiri, COVID-19 ga qarshi kurash masalalarining ustuvor yoʻnalishlari va asosiy jihatlariga eʼtibor qaratiladi.

    “Men 2018-yildagi ilk tashrifimdan beri Oʻzbekistonga kelganimdan hamda UNISEF koʻmagida Oʻzbekiston hukumati bolalar manfaatlari uchun koʻriladigan masalalarni mustahkamlash borasida erishgan yutuqlarni oʻz koʻzim bilan koʻrishdan juda mamnunman”,— dedi Xan xonim. “COVID-19, iqlim oʻzgarishi va atrof-muhitning degradatsiyasi singari yangi muammolar bolalar salomatligi va farovonligiga yanada koʻp taʼsir qilib borayotganini koʻrar ekanmiz, imkoniyat va masʼuliyatimiz bor ekan, birgalikda erishganlarimizga tayanib, bolalar manfaatlari uchun saʼy-harakatlarimizni davom ettiramiz”.

    UNISEFning mintaqaviy direktori fuqarolik jamiyati tashkilotlari, jumladan, nogironligi boʻlgan shaxslar tashkilotlari vakillari bilan, shuningdek bolalar, yoshlar va oilalar bilan ham muloqotda boʻladi.

    Tashrif davomida UNISEFning mintaqaviy direktori Zamin xalqaro jamoat fondi bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Nogironligi boʻlgan bolalar uchun inklyuziyani taʼminlash” mavzusidagi yuqori darajadagi xalqaro forumda ishtirok etadi. Forum Jahon bolalar kuni va UNISEFning 75 yilligiga bagʻishlangan.