Yunus Rajabiyni xotirlab!

    Madaniyat 4 May 2021 1802

    Mumtoz milliy maqomlarimizning dunyo madaniyati uzra saodatli choʻqqilar sari yuksalishida yaqin oʻtmishda yashab, oʻzlarining mashaqqatli mehnati, ilmiy-amaliy faoliyatlari bilan bugungi hayratomuz ijodiy yutuqlarning tamal toshini qoʻygan buyuk ustozlarning ulkan xizmatlari bor.

    Bu oʻrinda maqom sanʼatining namoyondasi, yagona akademik Yunus Rajabiy bobomiz yuksak eʼtiborga loyiq. Ustozning murakkab shart-sharoitlarda sobitqadamlik bilan amalga oshirgan, mohiyatan maʼnaviy jasoratga teng ilmiy-ijodiy va ustozlik mehnatlari alohida tahsinga sazovor. Milliy sanʼatsevar xalqimiz bu kabi fidoyi ustozlar xotirasini hamisha eʼzozlab keladi. Yunus Rajabiy nomidagi Oʻzbek milliy musiqa sanʼati institutining tashkil etilganligi ham ayni shuning boisidir, qolaversa, mamlakatimizda maqom sanʼatini rivojlantirish borasida qoʻyilgan asosiy qadamlardan biridir.

    Yunus Rajabiyning xotirasini yana-da abadiylashtirish, professional yosh maqom ijrochilarini saralash va yoshlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 20-martdagi 237-sonli qarori va Madaniyat vazirining 2021–yil 31-martdagi “Yunus Rajabiy nomidagi «Yosh maqom ijrochilari” Respublika koʻrik tanlovini oʻtkazish toʻgʻrisida»gi 149-sonli buyrugʻi imzolangan edi. Shu asosida 29-aprel kuni Yu.Rajabiy nomidagi Oʻzbek milliy musiqa sanʼati institutining tantanali ramziy ochilish marosimini oʻtkazish bilan bir qatorda ushbu koʻrik tanlovga ham start berildi. 8-mayga qadar davom etadigan ushbu nufuzli tanlovda Respublika miqyosida 20 yoshdan 35 yoshgacha boʻlgan 100 dan ortiq mumtoz maqom ijrochilari 9 ta yoʻnalish boʻyicha gʻoliblik uchun oʻzaro bellashadigan boʻldilar.

    Tantanali ochilish marosimida Yu. Rajabiy nomidagi uy muzeyi direktori Hasan Rajabiy va ushbu sulola vakillari, Yu. Rajabiy nomidagi maqom ansambli badiiy rahbari Abduhoshim Ismoilov, Oʻzbek milliy maqom sanʼati markazi direktori Soibjon Begmatov, shuningdek, oʻzbek milliy musiqa sanʼatiga munosib hissa qoʻshib kelayotgan ustozlar va talaba yoshlar ishtirok etishdi.

    Shuni taʼkidlash joizki, ushbu kun tarixga muhim sanalardan biri boʻlib muhrlanib qoldi. Chunki bu tantana oʻzgacha hayajonlarga, quvonch koʻz-yoshlariga va ilohiy bir fayzga limmo-lim boʻldi desak mubolagʻa boʻlmaydi.

    “Mazkur dargoh hali kelgusida oʻnlab Yunus Rajabiylarni tarbiyalashiga ishonamiz. Bu borada esa bizga Rajabiylar sulolasi yaqindan yordam berishadi.Tanlovda ishtirok etayotgan yoshlarga esa muvaffaqiyat tilaymiz” – deydi Madaniyat vaziri,Yu.Rajabiy nomidagi OʻzMMSI rektori Ozodbek Ahmadovich Nazarbekov koʻtarinki ruh bilan.

    Shunday ulugʻ dargohning tashkil etilishida hissa qoʻshgan barcha ustozlarimizga, qolaversa, bu xayrli ishda bosh boʻlgan, tarixda buyuklar qatorida qoluvchi buyuklar izdoshi, oliygohimizning ilk rahnamosi Ozodbek Ahmadovich Nazarbekovga katta minnatdorchilik bildiramiz.

    Biz - qalbida maqomga muhabbat qaynab turgan, koʻzlarida shijoat yonib turgan yosh maqomchilar kelajakda Rajabiy bobomizning asl izdoshi boʻlishga, yuqorida vazirimizning bizga bildirgan ishonchini oqlashga chin dildan vaʼda beramiz!

    Feruza Abdukarimova,

    Yunus Rajabiy nomidagi Oʻzbek milliy

    musiqa sanʼati instituti talabasi