Mazkur fakt boʻyicha Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati quyidagilarni maʼlum qiladi:
14-dekabr taxminan soat 15.00 da poytaxtimizning Yunusobod tumani IIO FMB 5-son ichki ishlar boʻlimi profilaktika inspektorlari podpolkovnik Sh. Alimkulov va kapitan D. Majidovlar Toshkent shahar Yunusobod tumanidagi “Universam” savdo kompleksi yaqinidagi yer osti yoʻlagida noqonuniy savdo bilan shugʻullanuvchi va bu bilan boshqa fuqarolar uchun noqulayliklar tugʻdiruvchi shaxslarga nisbatan chora koʻrish haqidagi koʻplab murojaatlardan soʻng voqea joyiga yetib kelib, yer osti yoʻlagida savdo mollarini terib qoʻygan ayol, erkak va yigitni koʻrgan.
Mazkur shaxslar noqonuniy savdoni toʻxtatib, savdo mollarini yigʻishtirish va yoʻlakni fuqarolar uchun boʻshatish toʻgʻrisidagi ogohlantirishlarga rad javobini berishdi. Savdo qoidalarini buzish uchun qonun bilan belgilangan javobgarlik haqidagi ogohlantirishlarga ayol va erkak qoʻpol tarzda javob berib, boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishlarini aytdilar. Bundan tashqari, ular janjal koʻtarib atrofdagilarning eʼtiborini tortishdi, ularning oʻgʻli boʻlgan yigit esa xizmat burchlarini ado etayotgan ichki ishlar organlari xodimlari bila mushtlashmoqchi boʻlgan. Voqea joyiga patrul-post xizmati xodimlari yetib kelganda ham yigit huquqbuzarlikni bas qilmasdan patrul-post xizmati xodimini yuziga urgan. Shu sababli xodimlar yigitning qoʻllariga kishan solishga majbur boʻlgan va uch nafar tartibbuzarlar shaxslarini aniqlash va keyingi surishtiruvlar uchun tuman 5-son IIBga olib ketilgan. Yer osti yoʻlagida noqonuniy savdo qiluvchi shaxslar tomonidan kelib chiqqan tartibbuzarlik va noqulayliklardan norozi boʻlgan oʻndan oshiq hodisa guvohlari koʻrsatma berish maqsadida ichki ishlar boʻlimiga ixtiyoriy ravishda yetib kelgan. Huquqbuzarlar – Navoiy viloyatidan kelgan 43 yoshli Akromjon va 42 yoshli Xolisxon Turdiyevalar va ularning oʻgʻli 19 yoshli Abdurahim Xidirov ekanligi aniqlandi.
Shuningdek maʼlum qilinadiki, internet tarmogʻida tarqagan videoda ichki ishlar organlari xodimlarining jamoat tartibini buzishni bas qilish haqidagi talablariga boʻysunmasdan faol qarshilik koʻrsatgan Abdurahim Xidirovning qoʻlga olinishi tasvirga tushgan. Yerda yotgan ayol – 42 yoshli Xolisxon Turdiyeva savdo mollari sumkasining ustiga yotib, xodimlar uni ichki ishlar boʻlimiga olib ketishiga qarshilik koʻrsatmoqchi boʻlgan.
Hodisa yuzasidan tergov oldi tekshiruvi oʻtkazilmoqda.