Davlatimiz rahbari tomonidan 2020 yil 24 yanvardagi O'zbekiston Respublikasida “Jismoniy tarbiya va sportni yanada takomillashtirish ava ommalashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Farmoni asosida, Yuqori Chirchiq tumanida bugungi kunda Bolalar va o'smirlar sport maktabida namunali tarzda sharoitlar yaratilgan.

Jumladan, 8 turdan ortiq sport to'garaklari faoliyatini yanada kengaytirish maqsadida, tumanning T.G.Xvan mahalla fuqarolari yig'inida yana bir yangi kurash zali foydalanishga topshirildi.

Mazkur ishlar uchun tuman hokimi U.Atemovning tashabbusi bilan 1 mlrd. 400 mln. so'm miqdorida mablag' ajratilib, qayta ta'mirlash ishlari amalga oshirildi. Yoshlarning milliy kurash, yunon-rum kurashi hamda badiiy gimnastika bilan shug'ullanishi uchun imkoniyatlar yaratildi.
Tuman Bolalar va o'smirlar sport maktabining ko'p yillardan beri qarovsiz yotgan markaziy o'yingohi qayta rekonstruktsiyadan so'ng, zamonaviy ko'rinishda foydalanishga topshirildi.

Tumanda jismoniy tarbiya va sport bilan shug'ullanish darajasini yanada oshirish, ommaviy sport musobaqalarini rivojlantirish, aholini sog'lom turmush tarziga odatlantirish maqsadida tumanning Bolalar va o'smirlar sport maktabi qoshidagi markaziy o'yingoh 2 mlrd. 600 mln. so'm mablag' evaziga qayta ta'mirlandi. Markaziy o'yingoh, kichik o'yingohlar, Street Workout maydonchasi, murabbiylar xonasi, hamda yonida “Yashil bog'” barpo etildi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 26 martdagi “Ma'naviy-ma'rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori ijrosini ta'minlash maqsadida, Yuqori Chirchiq tumanining "Sultonravot" mahalla fuqarolari yig'inida Ma'naviyat va ma'rifat maskani bunyod etildi.

Ochilish marosimida tuman hokimi U.Atemov so'zga chiqib, barchani ushbu maskanning foydalanishga topshirilayotgani bilan samimiy qutladi.

Ma'naviyat va ma'rifat maskanida kutubxona, yosh qalamkashlar to'garagi, raqs xonasi, fol`klor xonasi, kichik faollar zali, 300 o'rinli tomosha zali mavjud bo'lib, yoshlarning bo'sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

Dastur doirasida tuman Xalq ta'limi bo'limi tasarrufidagi umumiy o'rta ta'lim maktablarining iqtidorli o'quvchilari tomonidan Abdulhamid Cho'lponning “Kecha va kunduz” romanidan sahna ko'rinishlari namoyish etildi.

Tumanning eng chekka “Qo'rsoy” mahalla fuqarolari yig'inida yangi Madaniyat uyi foydalanishga topshirildi. Tashlandiq holga kelgan bino o'rnida yangi, zamonaviy go'sha qad rostladi.

Ochilishi marosimida so'z olganlar mahallaga munchoqday yarashgan ushbu binoda madaniy tadbirlarni tashkil etish uchun barcha sharoitlarning yaratilishi quvonchli hol ekanligini ta'kidladi.

“Obodon” mahalla fuqarolari yig'inida tibbiyot punkti o'z faoliyatini boshladi.
Ushbu mahalla tuman markazidan uzoqda bo'lgani bois aholiga tez tibbiy yordam xizmati ko'rsatishda muammolar bo'lgan. Qisqa fursatda foydalanishga topshirilgan ushbu tibbiyot punkti zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlanib, aholiga tibbiy xizmat ko'rsatilishga tayyor holatga keltirildi.

Toshkent viloyati hokimligi

Axborot xizmati