Yuqori qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlarni eksport qilish qoʻllab-quvvatlanadi

    Oʻzbekistonda ishlab chiqarilmaydigan va aniq texnik parametrlar asosida shakllantiriladigan roʻyxat boʻyicha respublikaga olib kiriladigan polietilen granulalari uchun aksiz soligʻi 2025-yil 1-sentyabrdan 2028-yil 1-yanvargacha nol stavkada qoʻllanadi.

    Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-avgustida qabul qilingan “Etilen va propilen polimerlaridan yuqori qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida belgilandi.

    Qarorga koʻra, 2028-yil 1-yanvargacha ayrim etilen polimerlarining birlamchi shakllari (TIF TN kodi 3901 10 900 0, 3901 30, 3901 40) va propilen polimerlarining birlamchi shakllarini (TIF TN kodi 3902 10 000 0) import qilishda bojxona bojining nol stavkasi qoʻllanadi.

    Shuningdek, mamlakatga sifatsiz kontrafakt egiluvchan qadoqlar importining oldini olish (eks-offitsio prinsipi asosida) choralari koʻriladi.