Bunday ilgʻor diagnostika va muolaja usullari hozir yurtimiz sogʻliqni saqlash tizimida ham keng qoʻllanilyapti. Bu esa onalar va bolalar salomatligini taʼminlash yoʻnalishida ijobiy natijalarga asos boʻlmoqda.
— Eshitish qobiliyatidan mosuvo boʻlib dunyoga kelgan bolalar aholining nogironligi bor qatlamiga qoʻshiladi, — deydi Sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari Elmira Basitxanova. — Buning oldini olish maqsadida dastlab Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida, soʻng Respublika perinatal markazlarida va 2019-yildan Toshkent shahar tugʻuruq muassasalari hamda bolalar klinik shifoxonalarida 1 yoshgacha boʻlgan bolalarni audioskriningdan oʻtkazish amaliyoti yoʻlga qoʻyilgan.
Mazkur diagnostika va davolash usuli yuqoridagi nuqson bilan tugʻilgan chaqaloqlar quloqlari ichki qismiga jarrohlik yoʻli bilan maxsus implantat oʻrnatish orqali ularda eshitish qobiliyatini tiklashga xizmat qilmoqda. Yurtimiz boʻyicha oʻtgan yili 315 nafar bolada, joriy yil birinchi yarmida esa 351 nafar chaqaloqda shunday yuqori texnologik operatsiyalar oʻtkazildi. 2023-yildan boshlab respublikamizda faoliyat koʻrsatayotgan barcha tugʻuruq muassasalari va viloyat bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazlarida yangi tugʻilgan goʻdaklar hamda bir yoshgacha boʻlgan oʻgʻil-qizlarni audiologik skriningdan oʻtkazish koʻzda tutilgan.
Shuningdek, kelgusi yil noyabr oyidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Samarqand, Andijon va Buxoro viloyatlarida audiologik tashxislashning keyingi bosqichlari hamda koxlear imlantatsiya amaliyoti joriy etiladi.
Sogʻliqni saqlash vazirligi
matbuot xizmati