Ikki kundirki, futbol olamini larzaga solgan bu yangilik futbol mutaxassislari, murabbiylar, futbolchilar, oddiy muxlislar muhokamasida. UYEFA Superliga tuzilishini qabul qilmasligini, bu musobaqada oʻynaydigan futbolchilar Yevropa va jahon miqyosidagi turnirlardan diskvalifikatsiya qilinishi mumkinligini maʼlum qildi.
Shuningdek, FIFA ham Yevropaning top-klublari tomonidan tashkil etilgan Superligaga qarshi ekanligini bildirdi.
Germaniyalik mutaxassis, “Liverpul” bosh murabbiyi Yurgen Klopp yangi tashkil etilgan Superliga haqida salbiy fikr aytdi.
“Superligaga boʻlgan munosabatim oʻzgarmadi. Bu haqda birinchi marta kecha eshitdim. Biz juda kam maʼlumot oldik. Asosan gazetalardan oʻqib bildik.
Bu qiyin. Koʻpchilik norozi, tushunaman. Menga boshqa narsa deyish qiyin, chunki men va futbolchilar bahslashish jarayonida qatnashmayapmiz. Biz bu haqda hech narsa bilmasdik. Keling, bu qayerga olib borishini koʻramiz.
Men uchun Chempionlar ligasining oʻzi Superliga. Biz bu turnirda turli xil kuchli jamoalarga qarshi oʻynaymiz. Nega “Liverpul” ketma-ket oʻn yil “Real”ga qarshi oʻynaydigan tizimni yaratishimiz kerak, uni kim tomosha qiladi?”, – dedi Klopp.