Yuridik shaxslar ijtimoiy tarmoqlardagi reklama xarajatlariga korporativ kartalardan haq toʻlashlari mumkin

    Moliya 23 May 2023 1637

    2023-yil 19-mayda Vazirlar Mahkamasining “Yuridik shaxslar tomonidan xorijiy ijtimoiy tarmoqlarda reklama berish xarajatlarini chet el valyutasidagi korporativ bank kartalari yordamida toʻlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 207-son qarori qabul qilindi.

    Yuridik shaxslar tomonidan xorijiy ijtimoiy tarmoqlarda reklama berish xarajatlarini korporativ valyuta kartalari yordamida toʻlash hamda ushbu xarajatlarni soliq va boshqa hisobotlarda aks ettirish tizimini takomillashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 22-avgustdagi PQ-357-son qarori bilan tasdiqlangan 2022-2023-yillarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini yanada takomillashtirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”da nazarda tutilgan.

    1-iyuldan boshlab yuridik shaxslarga xorijiy ijtimoiy tarmoqlarda reklama berish xarajatlari boʻyicha hisob-kitoblarni korporativ bank kartalari orqali kalendar oyida 5 000 dollardan oshmagan miqdorda amalga oshirishlariga ruxsat beriladi, deb xabar beradi “Norma”.

    Shuningdek, xabar orqali ushbu toʻlovlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga kiritish lozimligi qayd etilgan.

    Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 2023-yil 20-maydan kuchga kirdi.