Yuridik shaxslar mol-mulk va yer soliqlarini toʻlashdagi imtiyozlardan qanday foydalanadi?

    Joriy yilning 5-may kuni “Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan Soliq kodeksining 75-moddasi oʻn birinchi qism bilan toʻldirildi.

    Unga muvofiq, Soliq kodeksining 483-moddasida, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlarida yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni hamda yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻini toʻlashdan toʻliq ozod qilish tarzida berilgan soliq imtiyozlariga ega boʻlgan soliq toʻlovchilar mazkur soliqlarni ushbu soliqlardan hisoblangan summaning bir foizi miqdorida toʻlaydi.

    Mazkur qoida Qonun kuchga kirgan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach amalga kiritilgan. Ushbu oʻzgarishlar mol-mulk va yer soliqlarini toʻlashdan ozod etilgan soliq toʻlovchilarning va soliqdan ozod etilgan soliq obektlarini hisobini yuritish maqsadida kiritilgan.

    Soliq kodeksining 483-moddasiga muvofiq quyidagilar mol-mulk soligʻi va yer soligʻini toʻlashdan ozod qilinadi:

    – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorida Qoraqalpogʻiston Respublikasining har bir shahri va tumani uchun “oʻsish nuqtasi” deb belgilangan faoliyat turlarini amalga oshirayotgan yangidan tashkil etilgan tadbirkorlik subektlari 2024-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan muddatga;

    – Qoraqalpogʻiston Respublikasining Taxtakoʻpir, Boʻzatov va Shumanay tumanlarida joylashgan, yangidan tashkil etilgan sanoat sohasidagi tadbirkorlik subektlari 2024-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan muddatga;

    – Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi tomonidan aniqlangan roʻyxat boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasida xizmatlar koʻrsatishga ixtisoslashtirilgan va ogʻir sharoitlardagi 45 ta mahalla va ovullarda joylashgan, yangidan tashkil etilgan tadbirkorlik subektlari 2026-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan muddatga;

    – Surxondaryo viloyatining Bandixon, Qiziriq, Muzrabot, Sherobod tumanlarida, togʻli hududlarida va yer maydonlari shoʻrlangan hududlarida davlat roʻyxatidan oʻtib, yangidan tashkil etilgan va ushbu tumanlarda (hududlarda) oʻz faoliyatini amalga oshirayotgan tadbirkorlik subektlari 2024-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan muddatga;

    – Sirdaryo viloyatining Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida favqulodda hodisa oqibatida zarar koʻrgan baliqchilik, chorvachilik hamda parrandachilik xoʻjaliklari 2022-yil 1-noyabrga qadar boʻlgan muddatga.

    Muhabbat XOLIQULOVA,

    Yirik soliq toʻlovchilar boʻyicha hududlararo

    davlat soliq inspeksiyasi davlat soliq bosh inspektori