“Ta’lim sifatini oshirish — Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona to‘g‘ri yo‘lidir” degan ustuvor g‘oya asosida qabul qilingan ushbu hujjat zamonaviy xalqaro standartlarga javob beradigan yuqori malakali yuridik kadrlar tayyorlash tizimini yangicha asoslarda shakllantirish vazifasini belgilab berdi.

Farmonning eng muhim jihati shundaki, 2026-2027 o‘quv yilidan boshlab Toshkent davlat yuridik universitetida tajriba tariqasida amaliy o‘qitish hamda klinik va dual ta’lim tamoyili joriy etiladi. Bu degani, ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi kurs talabalarining ta’lim dasturlarining yarmi auditoriyalarda nazariy bilimlarni o‘zlashtirishga, qolgan yarmi esa to‘g‘ridan-to'g'ri sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa yuridik tashkilotlarda amaliy tajriba orttirish uchun yo'naltiriladi. Bunday yondashuv talabalarning nazariy bilimlarini amaliyotda qo‘llash imkoniyatini kengaytiradi va ularni kelajakdagi kasbiy faoliyatga tayyorlaydi.

Sun'iy intellekt texnologiyalarining ta’lim jarayoniga joriy etilishi ham e’tiborga molik yangilik hisoblanadi. Elektron ta’lim platformasida talabalarning oraliq bilimi darajasini aniqlash mexanizmi belgilanadi, yakuniy nazorat ishlarini sun'iy intellekt tomonidan baholash yo'lga qo'yiladi. Bundan tashqari, sun’iy intellekt asosida tyutorlik faoliyati talaba ko'makchisi sifatida joriy etiladi. Bu esa ta’lim sifatini nazorat qilishda inson omilini cheklab, baholashning xolisligini ta’minlaydi.

Farmonning yana bir muhim yo‘nalishi “Raqamli huquq” xalqaro ta’lim yonalishini joriy etishdir. Mazkur yo‘nalishga qabul qilish tanlovlari xalqaro standartlarga muvofiq IQ test tartibida o‘tkaziladi, o‘quv jarayoni ingliz va boshqa tillarda olib boriladi hamda yetuk xorijiy professor-o'qituvchilar jalb etiladi. Bu esa universitetning xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini oshirish va Quacquarelli Symonds reytingida huquq sohasi bo‘yicha yuqori 1000 talik universitetlar ro‘yxatiga kirishini ta’minlash maqsadiga xizmat qiladi.

Farmon universitetda boshqaruv tizimini ham tubdan o‘zgartiradi. Endi fakultet dekanlari, departament boshliqlari va markaz rahbarlari saylov asosida ikki o‘quv yiliga tayinlanadi. Bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq mazkur lavozimlarga saylanishi mumkin emas. Bu akademik erkinlik va demokratik boshqaruv tamoyillarini mustahkamlashga qaratilgan muhim qadam hisoblanadi.

Professor-o‘qituvchilarning rolini oshirish maqsadida Universitet professorlar kengashi tashkil etiladi. Bu organ universitetni uzoq va o'rta muddatli strategik rivojlantirish dasturini tasdiqlash, ilm-fanni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, akademik halollik va tadqiqot etikasi standartlarini tasdiqlash kabi muhim vakolatlarga ega bo'ladi.

Ayniqsa, ta‘limning barcha bosqichlarida huquqiy ongni shakllantirish masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 5-7 sinflarida tarbiya fani doirasida o‘quvchilarning huquqiy ongini shakllantirishga qaratilgan mavzularda vizual kontentlardan foydalanish yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, “Yurisprudensiya” hamda “Davlat va jamiyat boshqaruvi”  ta’lim yo‘nalishida bakalavr darajasiga ega shaxslarga umumiy o‘rta ta’lim maktablarida davlat va huquq asoslari fani bo‘yicha dars berishga ruxsat etiladi.

Farmon professor-o‘qituvchi va doktorantlar uchun sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, davlat organlarida har haftada kamida bir marotaba stajirovka o‘tash tizimini ham joriy etadi. Bu esa nazariya va amaliyot o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni ta’minlash, ilmiy tadqiqotlar natijalarini bevosita amaliyotga joriy etish imkonini beradi.

Shuningdek, Farmon universitetda biznesni huquqiy boshqarish va tadbirkorlik faoliyati uchun kadrlar tayyorlashga zamonaviy yondashuvlarni joriy qilishni ham nazarda tutadi. “Korporativ huquq va boshqaruv” ta’lim mutaxassisligi hamda tadbirkorlik faoliyatida huquqiy bilim va ko'nikmalarni shakllantirishga qaratilgan “Master of Legal Administration” bir yillik o‘quv dasturi joriy etiladi. Bu esa biznes sohasida huquqiy savodxonlikni oshirish va tadbirkorlarni qonunchilik bilan ishlashga tayyorlashda muhim ahamiyatga ega.

Farmon doirasida Qashqadaryo yuridik texnikumi negizida Toshkent davlat yuridik universiteti huzuridagi akademik litsey tashkil etiladi. Bunday akademik litseylarda tijorat guruhlari tashkil etilishiga va o‘qituvchilarga universitetning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan ustamalar tayinlashga ruxsat beriladi. Bu esa ta’lim muassasalarining moliyaviy mustaqilligini oshirish va o‘qituvchilarni rag‘batlantirishga xizmat qiladi.

Xulosa qilib aytganda, mazkur Farmon yuridik ta’lim va ilm-fan sohasida tub o‘zgarishlar davrini boshlab berdi. U nafaqat ta’lim sifatini oshirish, balki huquqiy madaniyatni rivojlantirish, malakali yurist kadrlar tayyorlash va mamlakatimiz huquq tizimini xalqaro standartlarga yaqinlashtirish yo‘lida muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi. Farmonning izchil amalga oshirilishi O‘zbekistonning huquqiy tizimini yanada mustahkamlash va fuqarolarning huquqiy madaniyatini yuksaltirishga katta hissa qo‘shadi.

Po‘latov Temurbek,
Toshkent Davlat Yuridik Universiteti, Kiber huquq kafedrasi o‘qituvchisi