Tadbirkor shartnoma tuzayotganda, dasturchi mualliflik huquqi va litsenziya shartlarini to‘g‘ri talqin qilishi zarur bo‘lganda, jurnalist esa jurnalistik surishtiruv olib borayotganda qonun chegaralarini aniq bilishi talab etiladi. Shu paytgacha bunday holatda yagona yo‘l bor edi: yurisprudensiya bakalavriatiga qaytadan, “birinchi kursdan” kirish. Bu esa ko‘pchilik uchun amalda imkonsiz variant edi – na vaqt, na ishdan uzoqlashish imkoni yo‘q edi.
2025-yil 26-noyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PF-232-son “Oʻzbekiston Respublikasida yuridik taʼlim va ilm-fanni yanada isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilindi. Mazkur Farmonning yuridik ta’lim tizimini isloh qilishga bag‘ishlangan qismida 2026/2027-oʻquv yilidan boshlab Toshkent davlat yuridik universiteti huzuridagi akademik litsey va yuridik texnikum bitiruvchilari bilan bir qatorda, allaqachon oliy ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslar uchun ham alohida dastur: ular tanlagan bakalavr yo‘nalishi bo‘yicha kadrlar tayyorlashning maxsus uch yillik ta’lim dasturi joriy etilishi belgilandi.
2026-yil 30-iyunda Vazirlar Mahkamasining 350-son qarori bilan ushbu dasturning Nizomi rasman tasdiqlandi. Shu bilan mexanizm to‘liq ishga tushdi. Nizomga muvofiq hujjatlar qabuli 10-iyuldan 10-avustga qadar Bilim va malakalarni baholash agentligining maxsus platformasida amalga oshirildi. Dasturga kirishda abituriyent majburiy bloklardan (matematika, Oʻzbekiston tarixi va ona tili) imtihon topshirishdan ozod qilinadi. Imtihon faqat huquqshunoslik fanlari va chet tilidan olinadi. Universitet dasturni kunduzgi, masofaviy va kechki ta’lim shakllarida tashkil etishi mumkin. Ya’ni mantiq shunday: nomzod eng quyi darajadan emas, oʻzining mavjud intellektual bazasidan boshlab, faqat huquq sohasiga xos bilimlarni qo‘shimcha oʻzlashtiradi. Bu – ta’lim resursini oqilona taqsimlashning aniq namunasi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Bu yondashuv, aslida, dunyoda yangilik emas. Amerika Qo‘shma Shtatlarida yuristlik kasbini egallashning klassik yo‘li aynan shunday tuzilgan: talaba avval istalgan yo‘nalishda (fizika, adabiyot, biznes) to‘rt yillik bakalavriatni tugatadi, so‘ngra uch yillik Juris Doctor (JD) dasturiga kiradi. Ya’ni AQShda yuristlik – prinsipial jihatdan “ikkinchi ta’lim” hisoblanadi, va aynan shu tufayli amerikalik advokatlar orasida sobiq muhandislar, shifokorlar, jurnalistlar, hatto musiqachilar ko‘p uchraydi. Ular oʻz sohasidagi tajribani huquqiy tafakkur bilan qo‘shib, ancha kengroq nuqtayi nazarga ega bo‘ladilar.
Buyuk Britaniyada bu vazifani “Graduate Diploma in Law” (GDL) yoki hozirgi “Solicitors Qualifying Examination” tizimi bajaradi. Boshqa yo‘nalishda diplom olgan kishi qisqartirilgan muddatda huquqshunoslikka “konvertatsiya” qilinadi. Germaniya va boshqa kontinental Yevropa mamlakatlarida ham ikkinchi diplom asosida huquqqa kirish amaliyoti keng tarqalgan.
Bu tajribaning mag‘zi shunda: huquq – faqat “sof” fan emas, balki hayotning barcha sohalariga kirib boradigan amaliy vosita. Tibbiyot huquqi, axborot texnologiyalari huquqi, moliyaviy huquq, xalqaro savdo huquqi kabi tor ixtisosliklarda eng qadrli mutaxassis – aynan ikki sohani, ya’ni tegishli tarmoqni ham, huquqni ham mukammal biladigan mutaxassis hisoblanadi. Faqat yuridik mutaxassislikka ega yurist ba’zan texnik yoki tibbiy sohadagi nuanslarni tushunmay qiynalishi mumkin. Faqat tibbiy mutaxassislikka ega shifokor esa huquqiy asoslash mantig‘ini tushunmaslik ehtimoli yuqori. Ikkalasini ham birlashtirgan mutaxassis – bozorda kam, lekin talab yuqori bo‘lgan tor doiradagi mutaxassis bo‘la oladi.
Oʻzbekistonda nima uchun bu muhim. Oʻzbekiston iqtisodiyoti va davlat boshqaruvi so‘nggi yillarda tobora murakkablashib bormoqda: raqamli tranformatsiya, xalqaro investitsiyalar, murakkab shartnomalar, transchegaraviy nizolar – bularning barchasi yangi ko‘nikmalarga ega yuristlarni talab qiladi. Ayni paytda mamlakatda oʻz sohasida tajribaga ega, lekin huquqiy rasmiylashtirish bosqichida yuridik bilimga muhtoj bo‘lgan mutaxassislar son-sanoqsiz. Ana shu ikki ehtiyoj oʻrtasidagi bo‘shliqni to‘ldirish – maxsus uch yillik dasturning asosiy vazifasi hisoblanadi.
Bundan tashqari, bu qadam yuridik ta’lim tizimidagi kengroq islohotlarning bir qismi. Farmonda ko‘zda tutilgan boshqa choralar – oʻquv dasturlarini yangilash, sifat nazoratini kuchaytirish, malakaviy imtihonlar tizimini takomillashtirish barchasi bitta maqsadga xizmat qiladi: yuridik diplom shunchaki qog‘oz emas, real bilim va malakaning tasdig‘iga aylanishi kerak. Shu ma’noda, “oliy ma’lumotlilar uchun maxsus dastur”ni faqat qo‘shimcha imkoniyat sifatida emas, balki yuridik kasbning obro‘sini mustahkamlashga qaratilgan tizimli yondashuvning bir bo‘g‘ini sifatida ko‘rish to‘g‘riroq bo‘ladi.
Albatta, har qanday yangi mexanizm kabi, bu dasturning ham sinov davri bor. Uch yil ichida chuqur huquqiy tafakkurni shakllantirish qanchalik samarali bo‘lishi, bitiruvchilarning malakaviy imtihonlardan qanday natija ko‘rsatishi, mehnat bozori ularni qanday qabul qilishi – bularning barchasi vaqt sinovidan oʻtishi kerak. Ammo bir narsa aniq: bu qadam bilan Oʻzbekiston yuridik ta’lim tizimi dunyoda uzoq yillar sinalgan bir modelga – kasbiy tajribani huquqiy bilim bilan uyg‘unlashtirish modeliga – qadam qo‘yadi.
Meliqo‘ziyev Fazliddin,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Qabul jarayonini tashkil etish bo‘limi bosh mutaxassisi