Soʻnggi yillarda yuqori malakali, xalqaro standartlarga javob beradigan yuridik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish sohasida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Mazkur huquqiy islohotlarning mantiqiy davomi sifatida Vazirlar Mahkamasining shu yilning 6-apreldagi “Yuridik kadrlarni xalqaro standartlar boʻyicha tayyyorlash tizimini yana-da takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorini qayd etish mumkin.

Huquqiy hujjatga binoan Toshkent davlat yuridik universiteti huzuridagi Yuridik kadrlarni xalqaro standartlar boʻyicha professional oʻqitish markaziga bir qator qoʻshimcha vazifalar yuklatildi.

Jumladan, nizolarni sudgacha muqobil hal qilish mexanizmi sifatida mediatsiya institutida samarali faoliyat yuritadigan mediatorlarni tayyorlash, intellektual mulk huquqi boʻyicha qisqa muddatli oʻquv kurslarini tashkil etish, shuningdek, xalq taʼlimi, oʻrta maxsus va professional taʼlim muassasalarida yuridik fanlardan dars beradigan, oliy noyuridik maʼlumotga ega pedagog kadrlarni qayta tayyorlash kurslarini yoʻlga qoʻyish markazning asosiy vazifalaridan biri sifatida belgilanmoqda.

Hukumat qarori bilan mazkur kurslarni tashkil etish tartibi boʻyicha nizom loyihasi tasdiqlanib, unda kurslarga qabul, oʻqish muddatlari, oʻquv mashgʻulotlarini tashkil etish tartiblari nazarda tutilmoqda.

Kurslarda masofaviy oʻqish ham mumkin

Taʼlim jarayonining ishlab chiqarish bilan integratsiyasini taʼminlash, nazariy bilaimlarni amaliyot bilan uygʻun olib borishda tinglovchilarning asosiy ish joyidan ajralmay, kurslarda oʻqishi muhim ahamiyat kasb etadi. Qarorga koʻra, markazda tashkil etiladigan kurslardagi taʼlim jarayonining bevosita va masofaviy shaklda olib borilishi qulay imkoniyatdir. Bundan tashqari, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida yuqori malakali pedagog va amaliyotchi-xodimlar tomonidan olib borilishi mashgʻulotlarning samarali tashkil etilishiga zamin yaratadi.

Ayrim toʻsiqlar olib tashlandi

Davlat organlari va boshqa tashkilotlarning yuridik xizmatlarida samarali faoliyat olib boradigan yuridik kadrlarni tayyorlash maqsadida markazda oliy maʼlumotga ega shaxslarni yuridik mutaxassislikka qayta tayyorlash kurslari tashkil etilgan edi. Kurslarda esa faqat ayrim oliy taʼlim yoʻnalishlarini bitirgan shaxslargina taʼlim olish imkoniyatiga ega edi. Hukumatning yaqinda qabul qilingan qarori asosida endi barcha oliy maʼlumotli shaxslar kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli oʻtib, qayta tayyorlash kurslarida oʻqishi mumkin. Bundan tashqari, kurs bitiruvchilariga yuridik xizmat koʻrsatish bilan birga, fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarida ham ishlash huquqining berilishi nafaqat bitiruvchilarning ish faoliyatini olib borishi mumkin boʻlgan sohalarni kengaytirish, balki tizimni malakali kadrlar bilan taʼminlashga xizmat qiladi.

Yosh advokatlar chet elda stajirovka oʻtaydi

Mamlakatimizda advokatura institutini yana-da rivojlantirish, malakali advokatlarni tayyorlash masalasi bugunning ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi. Bu borada yosh advokatlarni xalqaro standartlar asosida tayyorlash, ularning amaliy koʻnikmalarini xorijning ilgʻor tajribalari bilan boyitish muhim ahamiyat kasb etadi.

Qarorda markaz orqali yosh advokatlarning yetakchi xorijiy yuridik kompaniyalarda stajirovkasini tashkil etish nazarda tutilgani, bu borada maxsus grantlar eʼlon qilingani advokatlarni tayyorlash tizimini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

Ehtiyojga mos yangi imkoniyat

Bugungi kunda umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va professional taʼlim muassasalarida huquqshunos kadrlarga ehtiyoj katta. Huquqshunoslik fanlaridan mutaxassis yetishmasligi sababli birgina xalq taʼlimi tizimida qariyb 74 ming nafar nomutaxassis pedagog kadr tomonidan mashgʻulotlar olib bormoqda. Shundan kelib chiqqan holda, oliy noyuridik maʼlumotga ega pedagoglar uchun markazda toʻrt oylik qayta tayyorlash kurslari tashkil etilayotgani tegishli taʼlim muassasalarini mutaxassislar bilan taʼminlash imkonini beradi. 2030-yildan boshlab mazkur taʼlim muassasalarida faqatgina oliy yuridik maʼlumotli yoki markazda tashkil etiladigan qayta tayyorlash kurslaridan oʻtgan pedagog kadrlar dars berish huquqiga ega boʻladi.

Intellektual mulk huquqi boʻyicha mutaxassislar tayyorlanadi

Prezidentimiz rahbarligida 2020-yil 12-oktyabr kuni intellektual mulk obyektlarini muhofaza qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida kengaytirilgan tarzda oʻtkazilgan yigʻilish bayonida Toshkent davlat yuridik universitetida intellektual mulk huquqi boʻyicha oʻquv kurslarini tashkil etish vazifasi nazarda tutilgan edi. Shundan kelib chiqqan holda, hukumat qarori asosida mazkur toifadagi kurslarni yoʻlga qoʻyish, mutaxassislarni intellektual mulkni yaratish va himoya qilish asoslari, tijoriylashtirish, brending va marketingga oʻqitish rejalashtirilmoqda. Bu borada boshlangan islohotlar intellektual mulk huquqi boʻyicha malakali mutaxassislarni tayyorlashga munosib hissasini qoʻshadi.

Xulosa qilib aytganda, yuridik kadrlarni xalqaro standartlar boʻyicha tayyorlash tizimi takomillashtirish va bu borada belgilangan vazifalarning sifatli amalga oshirilishi mamlakatimizda yuqori malakali huquqshunos kadrlarda muhim ahamiyatga ega.

Axtam YaQUBOV,

Yuridik kadrlarni xalqaro standartlar boʻyicha

professional oʻqitish markazi direktori

Firuz MAHMUDOV,

markaz direktori oʻrinbosari