Yuridik texnikumlariga kirish imtihonlari test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, baholash mezonlari, test topshiriqlari soni TDYUU bakalavriatiga kirish uchun belgilangan talablarga muvofiq aniqlanadi.
Bugungi kunda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi yuridik texnikumlarning umumiy soni 14 tani tashkil etadi.
2020/2021 oʻquv yilidan boshlab yuridik texnikumlarga quyidagi 3 ta mutaxassislik boʻyicha oʻquvchilarni oʻqishga qabul qilish yoʻlga qoʻyilgan:
-Davlat-huquqiy faoliyat;
-Yuridik xizmat;
-Sud-huquqiy faoliyat.
Oʻqish muddati 2 yil va oʻqish 3 ta tilda (oʻzbek, rus va qoraqalpoq) tashkil etilgan.
Yuridik texnikumlarda jami 218 nafar pedagog xodimlar faoliyat olib boradi (shundan 1 nafar professor, 5 nafar dotsent va 8 nafari fan nomzodi).
Bugungi kunda yuridik texnikumlarda jami 5 042 nafar oʻquvchi (shundan, 3 081 nafar 1-kursda, 1 961 nafari – 2-kursda) taʼlim olmoqda.
2020/2021 oʻquv yilidan boshlab yuridik texnikumlarga qabul Davlat test markazi tomonidan oʻtkaziladigan test sinovlari orqali amalga oshiriladi.
2021-yil 7-martdagi Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasining 10-son bayoni bilan
2021/2022 oʻquv yili uchun abituriyentlarni TDYUU bakalarvriatga qabul barcha test topshiruvchilar uchun majburiy uchta fan Ona tili (oʻzbek, rus, qoraqalpoq va boshqa tillar), matematika va Oʻzbekiston tarixi hamda yurisprudensiya (faoliyat turlari boʻyicha) taʼlim yoʻnalishiga mos ikkita fan tarix va chet tilidan test topshirilishi belgilangan.
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 30-oktyabrdagi 677-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining yuridik texnikumlariga oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisida nizom talablariga koʻra, test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, baholash mezonlari, test topshiriqlari soni TDYUU bakalavriatiga kirish uchun belgilangan talablarga muvofiq aniqlanishi belgilangan.
2020/2021 oʻquv yili uchun yuridik texnikumlarga jami 13843 nafar abituriyent hujjat topshirgan. Shundan, 3477 nafar abituriyent oʻquvchilar safiga qabul qilingan (davlat granti va toʻlov-kontrakt).
Yuridik texnikum bitiruvchilari egallashi mumkin boʻlgan lavozimlar soni 90 dan ortiqni tashkil etadi. Ushbu lavozimlar bilan Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi www.lex.uz da tanishish mumkin.
2019/2020 oʻquv yili yuridik texnikumlarini (sobiq yuridik kollejlarni) 4364 nafar bitirgan. Shundan, 1542 nafar (35,3%) bitiruvchilar bandligi taʼminlangan boʻlib, ishga joylashish boʻyicha eng yuqori – Samarqand viloyati yuridik texnikumida qayd etilgan (575 nafar bitiruvchidan 498 nafari (86,6%) ish bilan taʼminlangan).









