Bugun dunyoning turli burchaklarida murakkab ijtimoiy-siyosiy jarayonlar kechyapti. Bunda, eng afsuslanarlisi, ayrim g'arazli kuchlarning din niqobi asosida yoshlar ongini turli xil buzg'unchi g'oyalar orqali boshqarishga harakat qilayotgani sog'lom fikrli har bir shaxsni sergaklantirishi lozim.
Shu maqsadda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo'yicha qo'mita hamda O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamkorligida yoshlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, ularni turli yot g'oyalardan himoya qilish, yurtimizda olib borilayotgan islohotlarga daxldorlik hissini oshirish maqsadida ma'naviy-ma'rifiy tadbir o'tkazildi.
O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi anjumanlar zalida tashkil etilgan talaba-yoshlar bilan uchrashuvda Din ishlari bo'yicha qo'mita raisining birinchi o'rinbosari, O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, Din ishlari bo'yicha qo'mita Axborot xizmati rahbari Ilhom Ma'rupov, Ichki ishlar vazirligi Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasi etakchi mutaxassisi Abdumalik Karimov, Shayxontohur tumani Ichki ishlar boshqarmasi Terrorizmga qarshi kurashish bo'limi boshlig'i Ulug'bek Nasriddinov, Yoshlar ishlari agentligi Markaziy apparati mutaxassisi elyor Norpo'latov hamda Akademiya professor-o'qituvchilari ishtirok etdi.
– Yoshlar ta'lim-tarbiyasi, ularni barkamol voyaga etkazish davlatimizning eng asosiy ustuvor vazifasi hisoblanadi,– deydi O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov. – Xabaringiz bor, ta'lim tizimidagi keng ko'lamli islohotlar samarasida uzluksiz ta'limning o'ziga xos yangilanishlar kuzatilmoqda. Xususan, so'nggi uch-to'rt yilda oliy ta'lim muassasalari soni ko'payib, ilm-ma'rifat olish orqali raqobatbardosh kadr bo'lishga intilayotgan yoshlar uchun imkoniyatlar kengayib bormoqda. Bu islohotlar zamirida turli yot g'oyalarga og'maydigan, o'z fikri va hayotiy pozitsiyaga ega, o'z kelajagini mamlakat taraqqiyoti bilan hamohang ko'ruvchi o'g'il-qizlarni kamolga etkazish maqsadi mujassam.
Qizg'in muloqotda Yoshlar ishlari agentligi Markaziy apparati mutaxassisi elyor Norpo'latov so'z olar ekan, har qanday davlat taraqqiyoti yoshlar ta'lim-tarbiyasiga chambarchas bog'liq ekanini qayd etdi. Yigit-qizlar uchun yaratilayotgan sharoitlar, bu borada Yoshlar ishlari agentligining olib borayotgan faoliyati haqida ma'lumot berdi. Jamiyatimiz ravnaqi uchun zarur bo'lgan ilmlarni olish har bir yosh yigit-qizning zimmasidagi burchi ekanligi ta'kidlandi.
Tadbirda so'z olgan Shayxontohur tumani Ichki ishlar boshqarmasi Terrorizmga qarshi kurashish bo'limi boshlig'i Ulug'bek Nasriddinov axborot asrida kommunikatsiya texnologiyalaridan g'arazli maqsadlarida foydalanayotgan kuchlar ko'payib borayotgani va, afsuslanarlisi, ular tuzog'iga bilib-bilmay tushib qolayotgan yoshlar ham yo'q emasligi haqida so'z yuritdi. Holbuki, ushbu zamonaviy texnologiyalar insonning tanazzuliga emas, balki taraqqiyoti uchun xizmat qilishi lozimligini hayotiy misollar bilan tushuntirib o'tdi.
Darhaqiqat, ayni paytda nafaqat yurtimiz, balki jahon hamjamiyatini diniy-ekstremistik, terroristik guruhlar, ular yuzaga keltirayotgan salbiy asoratlar tashvishga solmoqda. Bu borada O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasi etakchi mutaxassisi Abdumalik Karimov g'oyaviy jihatdan milliy manfaatlarga zid bo'lgan har qanday mahsulotlarni respublika hududiga olib kirish va tarqatish Milliy qonunchiligimiz orqali qat'iyan taqiqlangani, bundan barchaning xabardor bo'lishi zarurligi ta'kidlandi.
Uchrashuvda yoshlarni axborot xurujlaridan himoya qilish, ularning ma'naviy tafakkurini oshirishga qaratilgan videorolik namoyish etildi.
Munojat Mo'minova,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri.