Hayot naqshi

Dunyoda sharafli vazifalar juda koʻp, ammo kindik qoning tomgan ona Vataningni himoya qilish sharaflilar ichra eng sharaflisidir. Maqolamiz qahramoni, 2021-yilda Amerika Qoʻshma Shtatlarida boʻlib oʻtgan “Eng ilgʻor jangchi” xalqaro musobaqasining mutlaq gʻolibi, “Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti sohibi Xayrullo Olimov asl vatanparvar yigit. U bilan suhbatlashar ekanmiz, bizning ham qalbimizda faxr-iftixor tuygʻulari mavjlanadi.

— Prezidentimiz “Mard oʻgʻlon” davlat mukofotini koʻksimga qadayotgan mahal men oʻzimni dunyodagi eng alpqomat, togʻni ursa tolqon qiladigan pahlavon singari kuchli his qildim, — deydi X.Olimov. — Yurt otasining mehr bilan boqib turgan nigohi esa oʻzimga boʻlgan ishonchni yanada mustahkamladi. Oʻsha kun hayotimdagi eng yorugʻ va goʻzal kun sifatida xotiramda bir umrga muhrlanib qoldi.

Harbiylikni hayotining mazmuni deb bilgan va endigina 30 yoshni qarshilayotgan X.Olimov deyarli 11 yildan beri ona Vatanimiz sarhadlarida yurt osoyishtaligi, xalq farovonligi yoʻlida sidqidildan xizmat qilib kelayotgan shijoatli harbiylarimizdan.

Asli Andijonning Baliqchi tumanidagi Olimbek qishlogʻida voyaga yetgan Xayrulloning bolaligi oilaviy sharoit sabab tengdoshlari singari shodu xurramlikda oʻtmadi. Tengqurlari qatori har yili yozgi taʼtildan soʻng maktabga chiqar payti yangi kiyimlarini kiyib, oʻzini bolalarcha koʻz-koʻz qilish ham unga nasib etmagan.

Katta boʻlsam, harbiy boʻlaman

— Bolaligimda oʻzimizdan sal uzoqroqda yashaydigan qoʻshnimizning katta “Jip” mashinasi boʻlardi. Dadam uydagi eski, uniqib qolgan velosipedini minib ishga shoshib ketayotgan paytlari boy qoʻshnimizga duch kelib qolishini va u odamning istehzoli kulishini koʻp bora koʻrib ichimdan xafa boʻlardim. Oʻshanda bola qalbim bilan tezroq katta boʻlishni va dadamga shunday katta mashina olib berishni niyat qilgan vaqtlarim juda koʻp boʻlgan. Maktabga borganimda esa baʼzi bir oʻrtoqlarim nuqul akasining eskisini kiyadi, deya mazax qilishardi. Shunday vaqtlari qishloq koʻchalari boʻylab tinmay yugurardim. Yoki koptok tepib, terlab-pishib xumordan chiqardim. Katta boʻlsam, harbiy boʻlaman yoki sportchi boʻlaman, koʻp pul topaman, dadamni, onamni, jigarlarimni xursand qilaman deb orzu qilardim...

Baʼzan dadam koʻnglimdagi xayollarimni sezib qolganday, “Bolam, mehnat bilan topilgan rizq barakali boʻladi, hozircha bir oʻzimman, ammo kun kelib, sizlar qanotimga kirasizlar, oʻshanda eng baxtli va eng boy odam boʻlaman”, derdi. Bu gaplarning mazmun-mohiyatiga koʻpam tushunmasam-da, negadir xotirjam boʻlib qolardim, — deya xotirlaydi Xayrullo.

Bolalikdagi orzular ijobati

Xayrulloning bolalikdagi ezgu orzulari ushalib, bugun harbiy xizmatchi va mashhur sportchi boʻldi.

2007-yil 9-sinfni tamomlab, qoʻshni Oltinkoʻl tumanidagi iqtisodiyot kasb-hunar kollejida oʻqishini davom ettirdi. Kollejda oʻqib yurgan kezlari xonadoshlari hafta tugashi bilan uyiga oshiqsa, u otasi bergan pulni tejash uchun kollejning eski yotoqxonasida bir oʻzi qolib ketardi. Mushtdaygina oʻspirinning orzu-oʻylari baʼzan oʻz boshiga sigʻmay qolganday taassurot ham uygʻotardi...

2011-yil kollejni bitirib, Surxondaryo viloyati Sherobod tumaniga muddatli harbiy xizmatni oʻtash uchun safarga otlandi. Oʻz xizmat vazifasini bajarish barobarida sportdan bir muddat ham yiroqlashmadi. Undagi iroda va qalbidagi oʻtli shijoatni koʻrgan komandirlari harbiy boʻlimda mehnat faoliyatini davom ettirishga tavsiyanoma berdi.

Shunday qilib, qahramonimiz dastlab Sherobodda, ayni paytda esa Toshkent harbiy okrugiga qarashli harbiy qismlarda xizmat qilib kelmoqda.

Eng ilgʻor jangchi

Xayrulloning hayotidagi yogʻduli kunlar shuʼlasi soʻnggi yillardagina nur sochib, atrofga tarovat bagʻishlay boshladi. Ezgu niyatlari ijobati yoʻlidagi tinimsiz mehnatlari ulkan gʻalabalarga zamin yaratdi.

2018-yili ilk bor Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahrida boʻlib oʻtgan Xalqaro armiya oʻyinlarining harbiy-tibbiy estafeta yoʻnalishida umumjamoa hisobida uchinchi oʻringa musharraf boʻldi. 2019-2020-yillarda esa yurtimizda boʻlib oʻtgan Xalqaro armiya oʻyinlarining ushbu yoʻnalishida uning jamoasi birinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi.

2021-yil Xayrulloning hayotida tub oʻzgarish davri boʻldi. U Amerika Qoʻshma Shtatlarida boʻlib oʻtgan “Eng ilgʻor jangchi” xalqaro musobaqasida ishtirok etib, gʻoliblik shohsupasini egalladi. Ushbu bellashuvlarda 4 ta rekord oʻrnatib, ishtirokchilar va kuzatuvchilarning olqishiga sazovor boʻldi. 3 kilometru 200 metr masofaga yugurish, 20 kilometrni 20 kilogramm yuk bilan bosib oʻtish, 900 metrlik toʻsiqlararo harakatlanish, 250 metr oraligʻida 6 ta shartni qisqa fursatda bajarishda barcha raqiblarini dogʻda qoldirdi...

Kichik serjant Xayrullo Olimov bugun baxtli bir oilaning boshligʻi, ikki nafar oʻgʻilning mehribon otasi, rafiqasining suyanchi. Ishi va oilasidan ortib, Toshkent davlat yuridik universitetining sirtqi boʻlimida tahsil olmoqda. Muxtasar aytganda, Vatanimiz himoyachisi, harbiy degan ulugʻvor nomga har tomonlama munosib boʻlgan er yigit!

— Davlatimiz rahbari biz, yoshlarga barcha imkoniyatlarni yaratib berayotgan ekan, uni suiisteʼmol qilishga haqqimiz yoʻq. Toki, tanamda jonim bor ekan, bor kuch va shijoatimni, bilimimni ona yurtimning kelajagi, porloq istiqboli uchun safarbar etaman, — deydi u.

Ezgu maqsadlari yoʻlida tinimsiz mehnat qilish, intilish lozimligini, qiyinchiliklardan qoʻrqmaslikni, niyat xolis boʻlsa, har qanday orzu amalga oshishini bolaligidanoq Xayrulloning qulogʻiga quyishgan. Qarilik gashtini surayotgan otasi hamon el xizmatida. Besh nafar farzandining har biri hayotda oʻz oʻrnini topganidan mamnun.

— Men dunyodagi eng baxtiyor onaman. Shunday yorugʻ va saodatli kunlarni inʼom etgan va oʻgʻlimning kamtarona xizmatlarini yuksak baholagan Prezidentimizning tanu jonlari sogʻ boʻlsin. Oʻz yurtiga sadoqat bilan xizmat qilayotgan jigarbandimning sharafli kasbi bilan juda ham faxrlanaman, — deydi qahramonimizning onasi Halimaxon aya.

Maqolani muxtasar qilar ekanman, masʼuliyatli kasb egalarining kelgusidagi faoliyatiga kuch-quvvat, shijoat tilagan holda, Fuzuliyning “Mening bitta hayotim bor, bordi-yu mingta hayotga ega boʻlgan taqdirimda ham hammasini Vatan uchun sarflagan boʻlur edim”, deb aytgan soʻzlari misolini Xayrullo Olimov kabi Vatan himoyachilari boʻlmish mard va jasur yigitlarimizning faoliyati misolida koʻrganday boʻldim...

Gulichehra DURDIYEVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri