Atoqli oʻzbek shoirasi va jamoat arbobi Zulfiya Isroilova nomi bilan atalgan davlat mukofoti yillar davomida fan, taʼlim, adabiyot, madaniyat, sanʼat, sport, jamoatchilik faoliyati va axborot texnologiyalari kabi qator yoʻnalishlarda 14 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan yuzlab iqtidorli va tashabbuskor qizlarni kashf etib, yutuqlarini keng jamoatchilikka tanitishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ilgari har bir hududdan bir nafardan, jami 14 iqtidorli xotin-qiz ushbu mukofot bilan taqdirlangan boʻlsa, 2018-yildan boshlab har bir hududdan ikki nafardan, jami 28 xotin-qizni taqdirlash amaliyoti joriy etildi. Shu bilan birga, mukofotga talabgorlar uchun yosh chegarasi 30 yoshgacha uzaytirildi.

2024-yilda mukofotni taqdim etish tizimi yanada takomillashtirildi. Prezidentimizning 2024-yil 7-fevraldagi farmoniga muvofiq, xotin-qizlar oʻrtasida raqamli koʻnikmalarni rivojlantirish, axborot texnologiyalari sohasidagi faolligini oshirish va AT sohadagi yutuqlarini ragʻbatlantirish maqsadida axborot texnologiyalari alohida, sakkizinchi yoʻnalish sifatida kiritildi.

Taʼsis etilganidan buyon 500 dan ziyod iqtidorli qiz ushbu davlat mukofotiga sazovor boʻlgan. Bu yurtimizda isteʼdodli, bilimli, tashabbuskor va faol qizlar soni yil sayin ortib borayotganining yorqin dalilidir.

Joriy yil 6-mart kuni xotin-qizlar bayrami munosabati bilan oʻtkazilgan tantanali tadbirda davlatimiz rahbari 28 nafar iqtidorli xotin-qizni Zulfiya nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirladi. Davlat rahbari qoʻlidan ushbu nufuzli mukofotni qabul qilib olgan xotin-qizlarning qalbidan kechgan his-tuygʻulari haqida bilish maqsadida ular bilan davra suhbati uyushtirdik.

Bu ishtiyoq katta marralar sari yoʻl ochadi

Dilafroʻzxon SOBIROVA,

Fargʻona shahridagi Prezident maktabining 11-sinf oʻquvchisi:

— Joriy yilning 6-mart sanasi eng omadli va quvonchli kunlarimdan biri boʻlib qoldi. Koʻksaroy qarorgohida boʻlib oʻtgan taqdirlash jarayonida davlatimiz rahbari qoʻlidan Zulfiya nomidagi davlat mukofotini qabul qilib oldim.

Ushbu uchrashuv, u yerda aytilgan samimiy soʻzlar va eʼtiroflar barcha qizlar qatori mening ham qalbimda oʻchmas iz qoldirdi. Hali-hamon koʻz oldimda: ismim yangragani, sahna tomon sekin qadam tashlab borayotganim, ammo ich-ichimdan shoshilib, hayajondan yuragim tez urgani ... bu holat hech yodimdan chiqmasa kerak.

Prezidentimiz mukofotni taqib, biz, yoshlarning yutuqlarimizdan mamnunligini aytdi. Men benihoya xursand boʻldim. Rahmat aytib, joyimga qaytayotganimda Prezidentimiz auditoriyaga qarab: “Garvardlik qizim bu”, deya taʼkidladi. Oʻsha lahzada koʻnglimda shunday ajoyib hislar joʻsh urdiki, ularni soʻz bilan ifoda etish qiyin. Bu faqat quvonch emas, ishonch, masʼuliyat va tuganmas ilhom edi.

Davlatimizning men kabi oddiy bir qizga koʻrsatgan bunday eʼtibori va eʼtirofi yuragimda ilgari hech his qilmagan quvonch, zavq-shavqni uygʻotdi. Ishonamanki, bu ishtiyoq kelgusi faoliyatimda yanada katta marralarni zabt etishimga katta turtki boʻladi.

Oʻsha kuni zalda onam ham oʻtirgan edi. Rostini aytsam, hayajondan uning yuziga qarashga jurʼat qilolmadim. Ammo meni dunyoga keltirgan, tarbiyalab voyaga yetkazgan va hammadan koʻp yaxshi koʻradigan volidamni bir oz boʻlsa-da quvontira olganim uchun oʻsha kez oʻzimni juda baxtli his qildim. Albatta, bu mukofotgacha boʻlgan yoʻlimda koʻplab insonlarning hissasi bor.

Muvaffaqiyat siri mehnatda ekan

Indira SATNIYAZOVA,

Qoraqalpoq davlat universitetining 3-bosqich talabasi:

— Taqdirlash marosimidagi har bir lahza men uchun unutilmas xotira boʻlib qoldi. Ayniqsa, davlatimiz rahbarining: “Qoraqalpogʻistonda senday matematik qizim borligidan faxrlanaman” degan soʻzlari oʻqish va izlanishlarimga katta ishtiyoq berdi. Shu bilan birga, yelkamga masʼuliyat ham yukladi. Men endi bu ishonchni oqlashim kerak. Onam matematika oʻqituvchisi boʻlgani sababli bolaligimdan uyimizda doimo matematik muhit hukm surgan. Opam bilan birga masalalar yechar, onamga oʻquvchilarning yozma ishlarini tekshirishda yordam berardik. Keyinchalik yuqori sinflarga oʻtganimda fan ­olimpiadalarida ishtirok eta boshladim va qator yutuqlarga erishdim.

Biroq men uchun bir toʻsiq bor edi — xorijiy tillarni bilmaslik. Rus tilidagi masalalarni yechishda rahmatli bobom tarjima qilib yordam bergan. Lekin 9-11-sinf olimpiadalarida qatnashganimda angladimki, ingliz tilini bilmasdan turib, xalqaro matematika olimpiadalari uchun zarur boʻlgan kombinatorika va sonlar nazariyasi kabi yoʻnalishlarni chuqur oʻrganish qiyin. Shu sababli vaqtimning katta qismini ingliz tilini oʻrganishga bagʻishladim. Bu mehnat keyinchalik talabalik davrimdagi muvaffaqiyatlarimga ham katta yordam berdi.

Kelajakda matematika sohasida fundamental tadqiqotlar olib borib, yangi natijalarga erishadigan olima boʻlishni orzu qilaman. Bakalavr diplomini olgach, matematika yoʻnalishlaridan

birini tanlab, magistraturada tahsil olishni rejalashtirganman.

Hayotning goʻzal va unutilmas lahzasi

Nodira IBRAGIMOVA,

Toshkent shahridagi “Shkola 21” nodavlat taʼlim muassasasi loyiha rahbari:

— Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanidagi chekka bir qishloqda tugʻilganimga qaramay, yurtimizda yaratilayotgan cheksiz imkoniyatlar tufayli dunyoning eng nufuzli universitetlarida tahsil olish imkoniga ega boʻldim. Qariyb oʻn yildan buyon axborot texnologiyalari sohasida ilmiy izlanishlar olib boryapman. Bugungi kunda besh tilda erkin muloqot qila olaman.

Hozir Yangi Oʻzbekiston universiteti magistraturasida tahsil olyapman. Men oʻqiyotgan yoʻnalish Germaniya bilan hamkorlikda yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, darslar yuqori malakali professorlar tomonidan oʻtiladi. Eng muhimi, mamlakatimizda ayollar taʼlimini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan eʼtibor tufayli kontrakt toʻlovim toʻliq davlat tomonidan qoplanmoqda.

Bugungi kungacha AQSH, Malayziya, Marokash, Janubiy Koreya, Kamerun hamda bir qator Yevropa va MDH mamlakatlarida tajriba orttirib, xalqaro texnologik loyihalarda ishtirok etdim. Bir necha bor Google va Amazon kompaniyalaridan ishlash taklifini oldim. Polshada oʻtkazilgan yirik axborot texnologiyalari sammitida Oʻzbekistondan ishtirok etgan ilk qiz sifatida qatnashib, 10 ming kishilik auditoriya oldida yurtimizdagi jadal islohotlar va imkoniyatlar haqida nutq soʻzlash nasib etdi.

Shifokorlar oilasida ulgʻayganim bois, sogʻliqni saqlash sohasiga qiziqishim tibbiyotni sunʼiy intellekt bilan bogʻlashga undadi. Chikagoning nufuzli kompaniyasida AQSH boʻylab yuzdan ortiq shifoxona maʼlumotlarini tahlil qilish boʻyicha tajriba orttirdim.

Hozir Kamerunning Yaunde shahrida biologlar jamoasi bilan birgalikda bezgak va tif kasalliklarini sunʼiy intellekt orqali mikroskopik qon tahlillari asosida aniqlashga qaratilgan loyihada ishtirok etmoqdaman. Bu loyihada faoliyat yuritayotgan ilk oʻzbek qizlaridan biri ekanim men uchun katta sharaf.

Izlanishlarimning barchasi yurtimizda xotin-qizlarga qaratilayotgan yuksak eʼtibor va yaratilayotgan imkoniyatlarning amaliy natijasidir. Kelajakdagi asosiy maqsadim sunʼiy intellekt va tibbiyotni uygʻunlashtirgan holda erta diagnostika modellarini ishlab chiqish va ilmiy tadqiqotlar qilishdir. Buning uchun bilimimni dunyoning yetakchi universitetlarida yanada boyitib, ularni yurtimiz bilan hamkorlikka jalb qilishni rejalashtirganman.

Zulfiya nomidagi davlat mukofotini davlatimiz rahbari qoʻlidan qabul qilib olganim men uchun katta faxr va sharafdir. Prezidentimizning samimiy soʻzlari kelajakdagi maqsadlarimga uchqur qanot bagʻishlab, ongimga ruhiy kuch, hayotimga goʻzal va unutilmas sahifa qoʻshdi.

Saodatga eltuvchi ilm

Latofat AMIROVA,

erkin ijodkor, shoira:

— Hayot sinov va qiyinchiliklari bilan totli. Sinovlar bizni oʻstirib, yuksak marralarga yetaklashi esa haqiqat ekan. Qashqadaryo viloyati Koson tumanidagi chekka bir qishloqda ulgʻaydim. Maktabda oʻqib yurgan kezlarimdan adabiyotga ixlosim baland edi. Kollejda oʻqigan yillarimda Ozod Sharafiddinovning “Dovondagi oʻylar” asari meni adabiyotga butkul oshufta qildi.

Orzum poytaxtda oʻqish edi, ammo oilaviy sharoit sabab niyatim amalga oshmadi. Bu orada turmushga chiqdim. Biroq kitob mutolaasidan hech qachon voz kechmadim. Roʻzgʻor tashvishlari, kelinlik vazifalari, keyinchalik farzand tarbiyasi bilan band boʻlsam-da, tunlarimni dars qilish va oʻz ustimda ishlashga bagʻishladim.

Ha, hayotimda sinovlar koʻp boʻldi. Turmush oʻrtogʻim va farzandim epilepsiya xastaligi bilan ogʻriydi. Bu bosh miya bilan bogʻliq kasallik boʻlib, insonda takror-takror tutqanoq xurujlarini keltirib chiqaradi. Turmushning ogʻir zarbalariga chidash uchun oʻzimda kuch topa olgan ayolman. Davlatimiz tomonidan ayollar uchun yaratilayotgan sharoitlar esa qaddimni tik tutib, qadrli boʻlib yashashimga yoʻl ochmoqda.

Hayot sinovlarini mehnat, oʻqish va izlanish bilan yengishga harakat qilyapman. Chunki oilamga tirgak, farzandlarimga suyanch boʻlishim shart, bu insoniy burchim. Boʻsh vaqtimda, asosan, tunlari kitob oʻqib, ijod qilaman. Hayotimda qanday qiyin sharoit va mashaqqat boʻlmasin, baribir oʻqiyman. Chunki faqat ilm insonni qutqaradi, yorugʻlikka, farovon va saodatli hayotga boshlaydi.

Toʻgʻri, koʻp qarshiliklar boʻldi, lekin maqsadimdan qaytmadim. Yigʻlab-yigʻlab dars qilib uxlab qolgan tunlarim koʻp boʻlgan. Ammo bu mehnatlarim zoye ketmadi, bugun yuzim yorugʻ. “Kitob oʻqib kim ham boʻlarding” deganlar esa mulzam...

Aytmoqchimanki, kitob va ilm insonni doimo yaxshilik va ezgulikka boshlaydi. Buni Prezidentimiz tomonidan menga bildirilgan ulkan ishonchda yana bir bor angladim. Men nafaqat davlat mukofotini oldim, balki oʻsha baxtli kunda uyli ham boʻldim. Eng muhimi, hammasini uddalay olishimga boʻlgan ishonchim yanada mustahkamlandi.

Shu munosabat bilan bayram tantanasida, oʻsha baxtiyor lahzada davlatimiz rahbariga ayta olmagan soʻzlarimni “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi sahifalari orqali yetkazmoqchiman:

“Prezidentim, sizga cheksiz rahmat. Siz hayotimni nur va quvonchga toʻldirdingiz. Yanada kuchliroq boʻlib yashashim uchun ragʻbat va ishonch berdingiz. Men bu mukofotni olishimga, ochigʻi, aslo ishonmagan edim. Mukofot bilan birga uy sovgʻa qilganingiz titrab turgan yuragimga malham boʻldi. Kuni kecha ikki xonali uy kalitini qoʻlimga topshirishganida, mehnatim va ijodim bekorga emasligini yana bir bor angladim. Siz men va oilam uchun goʻzal hayot eshigini yanada keng ochib berdingiz. Aziz boshingiz hamisha omon boʻlsin!”.

Aniq maqsadga hech narsa toʻsiq boʻla olmaydi

Vazira FAYZULLAYEVA,

Buxoro davlat tibbiyot institutining 1-bosqich magistranti:

— Bolaligimda buvim oʻzi ishlaydigan shifoxonaga olib borsa, ishlarini kuzatib turishni yoqtirardim. Shifokor buvimning oʻgitlari, tavsiyalari va oq xalatiga boʻlgan sadoqati meni shu sohaga yetaklagan. Buvim nafaqaga chiqqanida ham ota-onalar betob boʻlib qolgan farzandlarini uyimizga olib kelardi. Koʻzlari toʻla umid bilan kelgan bu insonlar minnatdorlik hissi bilan uyimizdan chiqib ketayotganini koʻrib, buvimning kasbi naqadar eʼzozli ekanini anglaganman.

Avval Buxoro davlat tibbiyot instituti bakalavriat bosqichida pediatriya yoʻnalishini tamomladim, soʻng magistratura bosqichida otorinolaringologiya mutaxassisligini tanladim. 2025-yilda “Allergik rinitni ­jigarning surunkali diffuz kasalliklari bilan kechganda davolash taktikasi” mavzusidagi monografiyam, bir necha oʻquv-uslubiy qoʻllanmalarim chop etildi. Joriy yilda esa “Sogʻlom mittivoy” nomli mobil ilovam Intellektual mulk agentligi tomonidan patentlandi. Ilova orqali onalar 6 oylik farzandlarini qoʻshimcha oziqlantirish boʻyicha maslahatlar oladi. Qaysi mahsulotlarni, qanday miqdorda, qachon berish kerak, bularning barchasini undan bilish mumkin.

Shuningdek, “Surunkali piyelonefrit bilan kasallangan bolalarda oʻtkir otitning otorinolaringologik holatini baholash” dasturiy taʼminoti uchun ham patentga ega boʻldim. Bundan tashqari, AQSH, Rossiya, Germaniya, Sloveniya, Qozogʻistonda oʻtkazilgan xalqaro anjumanlarda oʻz maʼruza va maqolalarim bilan ishtirok etganman. Bir qancha ilmiy maqolalarim yurtimiz ilmiy jurnallarida, shuningdek, “Scopus” ilmiy-texnik maʼlumotlar bazasida indekslangan xalqaro ilmiy-elektron jurnalda chop etilgan.

Hayotdagi shiorim — “Maqsadlarga erishish uchun hech narsa toʻsiq boʻla olmaydi”. Buni oʻz amaliyotimda ham isbotladim. Farzandli boʻlgan kezlarimda turmush tashvishlari va bola parvarishi bilan birgalikda mustaqil ravishda ingliz tilini oʻzlashtirib, imtihon topshirdim va oʻzim istagan natija — IELTSda 7,5 ball olishga erishdim. Yoshlar uchun 10 ta moduldan iborat zamonaviy trening dasturini ishlab chiqdim. Hozir uni taʼlim tizimiga integratsiya qilish boʻyicha tavsiyanoma tayyorlayapman.

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

Gulichehra DURDIYEVA tayyorladi.