Axborotda taʼkidlanishicha, Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan, 2020-yilning 4-5-avgust kunlari “Toshkent-Buzuluk-Toshkent” va “Toshkent-Kinel-Toshkent” yoʻnalishlarida Rossiya Federatsiyasining Orenburg va Samara viloyatlariga Oʻzbekiston fuqarolarini Vatanga qaytarish uchun ikkita poezd yuborildi.

Oʻzbekistonning Qozon shahridagi Bosh konsuli tashkiliy va boshqa masalalarni hal qilish uchun yurtdoshlarimiz toʻplangan joyda boʻlib turibdi.

6-avgust kuni Orenburg viloyatining “Buzuluk” stansiyasidan 920 nafar vatandoshlarimiz bilan birinchi poezd Oʻzbekistonga joʻnab ketdi. Ikkinchisi 7-avgust kuni Samara viloyatining “Kinel” stansiyasidan 930 nafar hamyurtlarimiz bilan joʻnaydi. Rossiya-Qozogʻiston chegarasida toʻplangan jami 1850 nafar Oʻzbekiston fuqarolari yurtimizga qaytariladi.

7-avgust holatiga koʻra Orenburg va Samara viloyatlarida Rossiya-Qozogʻiston davlatlararo chegarasi yaqinida Oʻzbekiston fuqarolarining toʻplanishi kuzatilmayapti.

Vatanimizga qaytib kelganidan soʻng Oʻzbekiston fuqarolari Respublika maxsus komissiyasi tomonidan belgilangan talablarga qatʼiy rioya qilgan holda karantinda boʻlishlari shartligini eslatib oʻtamiz.

Taʼkidlash joizki, koronavirus infeksiyasi tarqalayotgan bir paytda koʻp sonli fuqarolarimizning bir joyda toʻplanishi ularning COVID-19 bilan kasallanish ehtimolini keskin oshiradi. Vatandoshlarimizdan Rossiya-Qozogʻiston davlatlararo chegarasini kesib oʻtish nuqtalariga bormasliklarini, hozirda boʻlib turgan joylarida qolishlarini va barcha karantin talablariga qatʼiy rioya qilishlarini yana bir bor soʻraymiz.

Hozirda Respublika maxsus komissiyasi tomonidan Oʻzbekiston fuqarolarini Vatanimizga tezroq qaytarish uchun Rossiyadan reyslarni koʻpaytirish, qatnovlar yoʻnalishi va turlarini kengaytirish masalasi koʻrib chiqilmoqda.