Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasida eksport-import operatsiyalarini amalga oshirishda yuzaga kelishi mumkin bo'lgan muammolarni zudlik bilan bartaraf etishda amaliy yordam ko'rsatish uchun tashkil etilgan “Call-center”ning – (67) 225-48-48 raqamli “Ishonch telefoni”ga biriktirilgan mas'ul bojxona xodimlari tomonidan 24 soat davomida yuridik va jismoniy shaxslarning murojaatlari qabul qilib olinmoqda. 

Shu  yil  15 iyungacha “Call-center” orqali jami 120 ta, shundan chegara  yo'nalishi  bo'yicha  85 ta va TIF yo'nalishi bo'yicha 35 ta murojaatlar kelib tushgan. Murojaatlar bo'yicha tezkorlik bilan amaliy yordamlar ko'rsatildi.

Koronavirus epidemiyasining iqtisodiyotga salbiy ta'sirini yumshatish maqsadida mamlakatimizda ham bir qator ishlar amalga oshirilib kelinmoqda. Xususan, bu borada Prezidentimiz tomonidan 2020 yil
19 martda qabul qilingan PF-5969-son Farmonga asosan:

- O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzurida 10 trln. so'm miqdoridagi Inqirozga qarshi kurashish jamg'armasi tashkil etilib, ushbu jamg'arma mablag'lari infektsiyaning tarqalishiga qarshi kurashish uchun zarur bo'ladigan dori vositalari va tibbiy buyumlar, himoya vositalari va test tizimlarini xarid qilish, xavf-xatar ostida bo'lgan yoki virus yuqtirganlar bilan muloqotda bo'lgan shaxslarni karantinda saqlash bilan bog'liq xarajatlarni qoplash, koronavirusga qarshi kurashishda ishtirok etayotgan tibbiyot xodimlarini moddiy rag'batlantirish va boshqa maqsadlarda foydalanilishi belgilandi, jumladan:

- 2020 yil 1 apreldan 1 oktyabrgacha bo'lgan davrda yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun ijtimoiy soliqning oylik eng kam summasi bazaviy hisoblash miqdorining 50 foiziga qadar kamaytirildi;

- 2020 yil 1 oktyabrgacha tashqi savdo operatsiyalari bo'yicha muddati o'tgan debitor qarzdorlik uchun xo'jalik yurituvchi sub'ektlarga jarimalar qo'llash amaliyoti to'xtatildi;

- jismoniy shaxslarning mol-mulk solig'i va er solig'ini to'lash muddati 2020 yil 15 oktyabrga qadar uzaytirildi.

Pandemiya sharoitida iqtisodiy xavfsizlikni ta'minlash borasida bojxona organlarining asosiy vazifalaridan yana biri bu bojxona imtiyozlarini to'g'ri qo'llanilishini ta'minlashdir.

Hozirgi vaziyatdan kelib chiqib, tadbirkorlar va fuqarolarga soliq to'lovlarini to'lash, kreditlarni qaytarish borasida bir qator imtiyozlar berildi. Bu kabi imtiyozlar bojxona sohasida ham tatbiq etildi. Xususan, Prezidentimiz tomonidan 2020 yil 3 aprelda qabul qilingan PF-5978-son Farmonga asosan, 20 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari, tibbiyot buyumlari va boshqa turdagi mahsulotlarni import qilishda joriy yilning oxiriga qadar bojxona boji va aktsiz solig'idan imtiyoz joriy etildi. 

Iqtisodiyot qonuniga ko'ra, bojxona to'lovlari tovar tannarxiga qo'shilib, oxir-oqibat uning to'lovchisi xaridor bo'lishini inobatga olsak, ushbu imtiyozlarning qo'llanilishi fuqarolar uchun naqadar ahamiyatli ekanligi oydinlashadi.

Mazkur yo'nalishda Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasida ham bir qancha ishlar olib borilmoqda. Xususan, joriy yilning 5 oyida Davlat byudjetiga 64,9 mlrd. so'mdan ortiq bojxona to'lovlari undirilishi ta'minlandi.

Bundan tashqari xodimlar xavfsizligini ta'minlash maqsadida har kuni boshqarma va bojxona postlarida maxsus moslama yordamida zararsizlantirish ishlari doimiy olib borilmoqda. Jumladan, Sirdaryo tuman Favqulodda vaziyatlar bo'limi va tuman SeOM bilan hamkorlikda “Sirdaryo” chegara bojxona postida xar xaftada ikki marotaba maxsus texnikada dezinfektsiya tadbirlari o'tkazilmoqda.

SHu bilan birga, bojxona xodimlarining sog'lig'ini himoya qilish bo'yicha viloyat SeOM bilan hamkorlikda xodimlardan “COVID-19”ga namunalar olinib muntazam tekshirib borilmoqda.

Belgilangan karantin talablari asosida bojxona ko'rigini maxsus himoya kiyimlarida o'tkazilishini ta'minlash maqsadida boshqarma tomonidan alohida xarid qilingan maxsus himoya kiyimlari hamda DBQ va viloyat SeOMdan ajratilgan bir marotaba foydalaniladigan maxsus himoya kiyimlari “Guliston”, “Sayxun” va “Xovos” TIF va “Sirdaryo” chegara bojxona postlariga tarqatilgan va boshqarmada etarli miqdorda himoya kiyimlari zahirasi yaratilgan.  

“Sirdaryo” chegara bojxona postida yuk avtotransport vositasi haydovchilaridan “COVID-19”ga namunalar olish tizimi yo'lga qo'yilgan va haydovchilar tomonidan analiz natijasini kutishi uchun postga yaqin bo'lgan hududda maxsus avtoturargoh tashkil etilgan.

Joriy yilning 18 iyun` holatiga 1939 nafar haydovchilardan “COVID-19” infektsiyasiga test analizlari olingan bo'lsa, Respublika Virusologiya ilmiy tekshirish institutining tahlil natijalariga ko'ra 66 nafar haydovchilarda ushbu infektsiya borligi tasdiqlandi va bemorlar zudlik bilan maxsus shifoxonalarga joylashtirildi hamda respublika hududiga kasallik kirib kelishini va tarqatilishini o'z vaqtida oldi olindi.  

Muxtasar qilib aytganda Sirdaryo bojxonachilari barcha mutasaddi tashkilot va vakolatli idoralar bilan hamkorlikda pandemiya sharoitida amalga oshirilishi lozim bo'lgan ishlar belgilab olingan bo'lib, ushbu vazifalar ijrosi izchil ravishda ta'minlab kelinmoqda.

Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi