Ortda qolayotgan ushbu yil oʻzidan birmuncha xotiralar qoldirmoqda. Bu xotiralar ichida eng yodda qolarlisi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston yoshlari forumida soʻzlagan nutqi boʻldi, desam adashmayman. Boisi unda Prezidentimizning har bir soʻzi yoshlarga katta kuch-gʻayrat, shijoat bagʻishladi. «Biz yurtimizda qanday islohotlarga qoʻl urmaylik, avvalo, siz kabi yoshlarga, sizlarning kuch-gʻayratingiz va azmu shijoatingizga suyanamiz», deganliklari yuraklarimizni faxr-iftixor tuygʻulariga toʻldirdi.
Yurtboshimiz har gal yoshlar bilan muloqot qilganlarida oʻqish, izlanish, tinimsiz harakat qilish lozimligini taʼkidlaydilar. Ularning “Oʻz tajribamdan kelib chiqib, sizlarga aytadigan maslahatim shu: Ilmni qadrlang, ilmga intiling! Bir soniya vaqtingiz ham bekor oʻtmasin! Yoshlik – umrning eng bebaho davri. Ilm va bilim – oʻtda yonmaydigan, suvda choʻkmaydigan, hech kim sizdan tortib ololmaydigan boylik ekanini aslo unutmang! Sizlar mustaqillik farzandlarisiz”, degan daʼvatkor soʻzlari bizni yangi marralar sari undadi. Ilm izlashdagi gʻayrat-shijoatimizni oshirdi.
Prezidentimizning Yoshlarga masalalarida ilgari surgan dolzarb vazifalari OʻzLiDeP oldiga ham amalga oshirilishi zarur boʻlgan ishlarni yuklaydi. Xususan, endilikda, Respublikamizning barcha shahar va tumanlarida “yoshlar kichik sanoat zonalari” tashkil etiladi. Ushbu sanoat zonalarida yoshlar loyihalarini amalga oshirishga koʻmaklashish uchun zarur boʻladigan barcha infratuzilma obyektlari joylashtiriladi. Bundan tashqari, Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi orqali har bir viloyatga yoshlarning tadbirkorlik loyihalari uchun 100 milliard soʻmdan kredit mablagʻlari yoʻnaltiriladi. Albatta, tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish oʻrinlari yaratish kabi bajarilishi lozim boʻlgan vazifalar OʻzLiDePning saylovoldi dasturida ham belgilangan boʻlib, bu ishlarni yana-da jadallashtirish borasida muhim vazifalarni belgilab oldik.
Yurtboshimizning yoshlarni qoʻllab-quvvatlashdagi yana bir muhim soʻzlari “Yoshlar bilan ishlash Prezidentdan tortib vazirgacha, hokimdan tortib mahalla raisigacha – hammamizning eng asosiy ishimizga aylanishi zarur”, deganlari boʻldi. Yurtboshimizning bu soʻzlari biz, yoshlarni yana-da toʻlqinlantirdi. Biz Prezidentimizning ishonchlarini oqlab, yurtga munosib farzand boʻlishga harakat qilamiz!
Javohirbek SHAMSUDDINOV,
OʻzLiDeP Fargʻona viloyat Kengashi Yoshlar bilan ishlash boʻlimi mudiri.