Qolaversa, JSST tavsiyalari va qator mamlakatlar tajribasi ham koronavirus tarqalishini keskin pasaytirish va oʻlim holatlarining oldini olishda buster doza bilan emlanish samarali ekanligini koʻrsatyapti.

Shu sababli mamlakatimizda toʻliq vaksina kursini yakunlagan, oʻz navbatida, emlashning birinchi dozasini olganiga 6 oy va undan ortiq vaqt boʻlgan aholi qatlami qoʻshimcha doza bilan emlanyapti.

Tahlillarga koʻra, 2021-yil 1-apreldan 1-avgustgacha yurtimizda birinchi doza vaksina bilan emlangan fuqarolar joriy yil fevral oyigacha birinchi dozani olganiga 6 oy va undan ortiq vaqt boʻlgan aholi qatlamiga kirib, ular 5,2 million nafarni tashkil etdi. Shulardan 733,8 ming nafari bugungacha buster doza bilan emlandi.

Mutaxassislarning fikricha, buster doza vaksina bilan emlanish “alfa”, “delta” shtammlaridan tashqari, “omikron”dan ham himoya qila oladi. Mabodo kasallik yuqib qolgudek boʻlsa ham, u jiddiy asoratlarsiz, yengil oʻtib ketadi.

Eslatib oʻtamiz, avvalroq, Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonalariga yanvar oyida jami 8 601 nafar bemor murojaat qilgani, ularning 8 243 nafari koronavirusga qarshi vaksina olmagani, bor-yoʻgʻi 358 nafari COVID-19 ga qarshi emlangani, vaksina olmaganlarda kasallik ogʻir va oʻta ogʻir darajada kechib, hatto, oʻlim holatlari kuzatilayotgani haqida xabar bergan edik, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.