Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan joriy yil 1-martdan boshlab mamlakatimizda ekologik holatni yaxshilash maqsadida “Yashil yillik” umummilliy tadbiri boshlangan edi.
O'zbekiston Respublikasi Hisob palatasi tomonidan ushbu tadbir doirasida bahor mavsumida daraxt ko'chatlarini ekish jarayoni va amalga oshirilgan ishlarning haqqoniyligi o'rganib borildi.
Ta'kidlash joizki, joriy yil baxorgi mavsumning hisobotlariga ko'ra, Respublika bo'yicha jami 129,6 million dona ko'chatlar ekilgan.
Shu bilan birga, o'rganishlar natijasida tadbirning to'laqonli ijrosiga ayrim hududlarda hokimliklar, mutasaddi tashkilot va idora rahbarlari tomonidan yetarli e'tibor qaratilmagani aniqlandi.
Jumladan:
- daraxt ekish ishlarini tizimli tashkil etmasdan, sug'orish va parvarishlash uchun tegishli mas'ullar biriktirilmagan;
- haqiqatda ekilmagan 6,2 million dona ko'chatlar hisobotlarga qo'shib yozilgan;
- 3,4 million dona ko'chatlar daraxt va ko'chatlar sug'orish tizimi bo'lmagan joylarga ekilgan;
- 2,4 million dona ko'chatlar suvsizlik va yetarli parvarish bo'lmaganligi sababli bahor tugamasdan qurib nobud bo'lgan;
- yerning tabiiy iqlim xususiyatlarini inobatga olmagan holda 341 ming dona ko'chatlar yaroqsiz yerlarga ekilgan bo'lib, 65 ming donasida ko'chatlar orasida belgilangan masofa saqlanmagan.
Vaholanki, davlatimiz rahbari tomonidan ko'chatlarni hududiy ekologiya xususiyatlaridan kelib chiqib, to'g'ri yondashgan holda ekish va bu borada namunaviy mahallalarni barpo etish masalasi qat'iy belgilangan edi.
O'rganish natijalariga ko'ra Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda tegishli vazirliklarga aniqlangan kamchiliklarni tanqidiy muhokama qilib, qayd etilgan xato va kamchiliklarni bartaraf etish, shu jumladan, ko'chatlarni parvarishlashga jiddiy e'tibor qaratish va mas'ullarga keskin intizomiy choralar ko'rish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Hisob palatasi tomonidan ekologiya va O'rmon xo'jaligi qo'mitalari bilan birgalikda ekilgan ko'chatlarning parvarishi ustidan ham nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda.