Unga koʼra, haftaning katta qismida Oʼzbekiston hududi boʼyicha ob-havo yuqori barik oʼrkach rivojlanishi va Eron hududlaridan issiq havo kirib kelishi bilan belgilanadi.
Havo harorati kundan-kunga koʼtariladi. Hududning katta qismida issiq ob-havoning choʼqqisi haftaning oʼrtalariga toʼgʼri keladi. 12-13 iyul kunlari kunduzgi havo harorati 40-42° gacha, janubda va choʼl hududlarda 43-45° gacha koʼtariladi.
Qoraqalpogʼiston Respublikasi va Xorazm viloyatining shimolida 11-12 iyul kunlari eng yuqori harorat 43-45° boʼlishi kutilmoqda.
Kuchli issiq qisqa muddat kuzatiladi. 13 iyulda Oʼzbekistonning shimoli-gʼarbiy hududlarida, 14 iyulda respublikaning barcha hududlarida atmosferadagi janubiy oqimlar gʼarbiy oqimlarga oʼzgaradi va havo harorati 33-38° gacha, janubda 40° gacha pasayadi. Bunday harorat foni dam olish kunlarida ham saqlanib turadi.
Ushbu hafta davomida respublikaning barcha hududlari boʼyicha havo kam bulutli va asosan quruq boʼlishi kutilmoqda.
10-12 iyulda shimolda va choʼl hududlarda, 13-14 iyul kunlari respublika boʼyicha shamol tezligi 13-18 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-toʼzon bilan kuzatilishi kutilmoqda.
Poytaxtimizda: 10-14 iyul kunlari asosan kam bulutli ob-havo boʼladi, yogʼingarchilik kutilmaydi. Shamol tezligi asosan kuchsiz boʼladi, 14 iyulda 10-12 m/s gacha kuchayishi mumkin. Bugun kunduz kuni harorat 37-39° boʼladi, 11-13 iyulda harorat asta-sekin koʼtariladi va 12-13 iyul kunlariga kelib 39-42° gacha, 14 iyulda 36-38° boʼladi.