Yurtimizda ilk bor bir yarim yoshli bolaning umurtqa pogʻonasida murakkab operatsiya oʻtkazildi

    Salomatlik 5 Aprel 2023 3692

    Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida bajarilgan noyob operatsiyalar soni yana bittaga koʻpaydi. Bu yerda N.I.Pirogov nomidagi Rossiya milliy tadqiqot tibbiyot universiteti shifokorlari bilan hamkorlikda mamlakatimizda ilk bor 1 yoshu 4 oylik bolaning ortiqcha yarim tana umurtqasini olib tashlash jarrohlik amaliyoti oʻtkazildi.

    Jajji bemor Muhammadusmon Ibragimov 2021-ilda Fargʻona viloyatining Oʻzbekiston tumanida tugʻilgan. Dunyoga kelganida umurtqa pogʻonasida tugʻma anomaliya borligi aniqlangan. Yaʼni umurtqa pogʻonasi koʻkrak-bel qismi sohasida qiyshiqlik, chap tomonda koʻkrak qafasining boʻrtib chiqib qolishi kuzatilgan.

    Vaqtinchalik muolajalardan soʻng ota-onasi Respublika travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga murojaat qildi.

    Kerakli laborator va instrumental tekshiruvlardan soʻng Muhammadusmonga “Umurtqa pogʻonasi tugʻma rivojlanish anomaliyasi, umurtqa pogʻonasi koʻkrak-bel qismi tugʻma skoliozi, koʻkrak va bel qismi shakllanishi buzilishi. Chap tomonlama VThX yarim umurtqasi” tashxisi qoʻyildi.

    Muassasada VTh 12 yarim umurtqani olish, skoliotik deformatsiyasini korreksiyalash va endokorrektor bilan stabilizatsiya qilish operatsiyasi muvaffaqiyatli oʻtkazildi. Hozir bemorning ahvoli qoniqarli.

    Markaz rahbari Murod Irismetovning taʼkidlashicha, avvallari bunday jarrohlik muolajalarini bajarish uchun bemorning balogʻat yoshiga yetishi kutilgan.

    Oqibatda oʻtgan davrda butun umurtqa pogʻonasida ogʻir skoliotik deformatsiya yuzaga kelib, yakunda juda katta jarrohlik amaliyoti oʻtkazilishiga toʻgʻri kelgan. Bundan tashqari, bemorning koʻkrak qafasi organlarida ikkilamchi oʻzgarishlar paydo boʻlgan. Bu esa koʻpincha bemorning umrbod nogiron boʻlib qolishiga olib kelgan, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

    Endi mazkur murakkab amaliyotning erta yoshda oʻtkazilishi yuqoridagi kabi asoratlar va tugʻma nogironlikning oldi olinishiga xizmat qiladi.