Unda yurtimizdagi ilmiy-tadqiqot institutlari, ilmiy va innovatsion markazlari tomonidan 200 ga yaqin qishloq xoʻjaligi sohasidagi ilmiy ishlanmalar namoyish etildi.

Koʻrgazmani oʻtkazishdan asosiy maqsad vazirlikning yangi binosida muloqotlar maydonini tashkil etish, ishlab chiqarish va ilm-fan oʻrtasidagi mavjud jarlik oʻrtasida koʻprik yasashdir. Bu maydon olimlar tomonidan yaratilgan yangi ishlanmalarni taqdim etish bilan bir qatorda ulardagi kamchiliklarni bartaraf etish uchun ham imkoniyatdir. Koʻrgazma talabga mos ravishda vazirlik tomonidan istiqbolli loyihalarga moliyaviy mablagʻ ajratish, intellektual mulkni himoya qilishda yordam koʻrsatish, ilmiy ishlanmaning bozor talablariga javob beradigan prototipini ishlab chiqarish, tarmoqqa tayyor mahsulotni yetkazib berish choralarini koʻrishga koʻmak beradi.

Tadbirda “Olim-tarmoq”, “olim-ishlab chiqaruvchi” oʻrtasida muloqotni oʻrnatib, ular oʻrtasidagi muammolarni zudlik bilan hal qilinishi koʻzda tutilgan. Koʻrgazma hozirda xususiy tadbirkorlar, klaster rahbarlari, fermerlar va olimlar oʻrtasida muloqotning kamligi bois qishloq xoʻjaligida yuzaga kelayotgan bir qator muammolarni yechishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.