Bugun 15-fevral kunidan mamlakatimizda “Kontrafaktsiz oy” oyligi boshlandi, deb xabar bermoqda O'zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo'mitasi huzuridagi Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi.
Tadbir 15-martga qadar davom etishi belgilangan bo'lib, oylik doirasida respublika bo'ylab kontrafakt mahsulotlar savdosiga qarshi samarali kurashish ko'zlangan.
Agentlik ma'lumotiga ko'ra, kontrafakt mahsulot — bu intellektual mulk huquqlarini buzgan holda ishlab chiqarilgan va sotiladigan tovarlar hisoblanadi. Ko'pincha ichki iste'mol bozorida oziq-ovqat mahsulotlari, maishiy kimyo, kosmetika hamda dori-darmon kabi mahsulotlarga oson taqlid qilingan holda qalbakilashtiriladi va undan nusxalar olinadi. Insofsiz ishlab chiqaruvchilar qalbaki mahsulot bilan asl mahsulot nushalari o'rtasidagi (ko'pincha mashhur brendlardan ko'chiriladi) farqni sezmaydigan darajada xaridorlarning hayolida asl mahsulotni ong osti tasavvurini yaratadi va bu orqali ularni chalg'itishga harakat qiladilar.
Har doim ham asl va qalbakilari o'rtasidasigi farq unchalik bilinmaydi. Iste'molchilar esa e'tiborsizlik oqibatida o'rtadagi farqni sezmaydilar va ularni soxta mahsulotlarning arzon narxlari o'ziga jalb qiladi. Qalbaki mahsulotlarni ishlab chiqarish va sotish nafaqat asl ishlab chiqaruvchilarning intellektual mulk huquqlarini buzadi, balki iste'molchilarning hayoti va sog'lig'iga tahdid soladi.
O'zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo'mitasi huzuridagi Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi axborot xizmati tomonidan iste'molchilarning bu sohadagi bilim va savodxonligini oshirishga qaratilgan materiallar tizimli ravishda e'lon qilib borilmoqda.