Muzeylarda 2,5 mlndan ortiq ashyo saqlanib, 112 mingtasi nafaqat mamlakatimiz, balki jahon miqyosida noyob hisoblanadi.
“Lekin qaysi hokim muzeylar muammosi bilan shugʻullandi, degan savolga ijobiy javob yoʻq.
Misol uchun, Saviskiy, Termiz arxeologiya, Oʻzbekiston davlat sanʼat muzeylariga butun dunyodan odamlar keladi, lekin aholimizni bu madaniyat maskanlariga borishi tizimli tashkil etilmayapti.
Shu bois bugun Abduhakimovga yangi oʻrinbosarlar – Baxtiyor Ibragimov, Nusratilla Zikrillayev, Botir Shaxriyorovni tayinladim.
Har bir viloyat hokimiga ham turizm boʻyicha oʻrinbosarlar berilgan. Bunday imkoniyat qachon boʻlgan?
Bu borada Qoraqalpogʻiston, Andijon, Buxoro, Fargʻonada turizm boʻyicha oʻrinbosarlar yaxshi ishlayapti. Qolgan hudud masʼullari hali “uygʻongani” yoʻq", dedi Prezident.
Shu 4 ta hududdan tashqari barcha viloyat hokimlarining turizm boʻyicha oʻrinbosarlariga 3 oy sinov muddati belgilash, yakuni boʻyicha lavozimga loyiqligini koʻrib chiqish topshirildi.
Turizm vaziri, uning yangi tayinlangan oʻrinbosarlari, viloyat hokimlari va turizm boʻyicha muovinlari oldidagi eng ustuvor vazifalardan biri - turizm sohasida pandemiyagacha boʻlgan koʻrsatkichlarni tiklash ekani taʼkidlandi.
Turizm va unga turdosh sohalarda kamida 200 mingta yangi ish oʻrinlari yaratish vazifasi qoʻyildi.
Buning uchun yil yakuniga qadar har bir viloyatda turistlar uchun jozibador boʻlgan kamida 20 million dollarlik 1 tadan yirik loyihani boshlash zarur.
Misol uchun, Namanganda ishga tushirilgan “Afsonalar vodiysi”, Boʻstonliqda “Amirsoy majmuasi”da ham bolalar uchun, ham kattalar uchun barcha sharoitlar yaratilgan boʻlib, kuniga minglab xorijiy va mahalliy turistlar kelmoqda.
Bunday yirik loyihalarni qoʻshni davlatlar uchun qulay boʻlgan Andijon, Toshkent viloyati, Qashqadaryo va Xorazmda barpo etish uchun barcha imkoniyatlar yetarli.