Yaqinda Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash vazirligi delegatsiyasi Qoʻshma shtatlarga xizmat safari chogʻida xuddi shu yoʻnalishda Amerikaning nufuzli universitetlari bilan hamkorlik istiqbollarini muhokama qilgan edi. Mana, oradan sanoqli haftalar oʻtib erishilgan ushbu muhim kelishuvlar oʻz amaliy natijasini bera boshladi. Xususan, AQSHning Pensilvaniya shtati, Filadelfiya shahrida joylashgan Templ universiteti klinikasi hamkorlik uchun oʻz eshiklarini ochdi.
Yuqori reyting koʻrsatkichlari, 125-yillik tajriba va 750 oʻrin-joyga ega ushbu yirik hamda nufuzli muassasa onkourologiya yoʻnalishidagi innovatsion muolaja usullari bilan mashhur. Xususan, bu yerda yuqorida soʻz yuritganimiz robot-jarrohlardan 8 tasi mavjud. Ular yordamida kuniga 10-15 ta murakkab operatsiya muvaffaqiyatli bajarilmoqda.
Aslida, mazkur texnologiya Oʻzbekiston uchun ham yangilik emas. Oʻtgan yili Koreya Respublikasining “Meere” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan “Revo-i” rusumli robot-xirurg ilk bor mamlakatimizga olib kelinib, poytaxtimizdagi “Shox International Hospital”ga oʻrnatilgan edi. Oradan 9 oyga yaqin vaqt oʻtib, nafaqat yurtimiz, balki Markaziy Osiyoda ham noyob boʻlgan ushbu robot-jarroh orqali 84 nafar bemor innovatsion usulda ogʻir darddan xalos boʻldi.
Mamlakatimiz tibbiyoti tarixida ilk bor “temir shifokor” yordamidagi operatsiyalarni boshlab bergan va mazkur texnologiyaga operatorlik qilgan onkoxirurg Zarifxoʻja Bahodirxonov hozir AQSHning Filadelfiya shahrida. U Templ universiteti klinikasi taklifiga binoan ushbu tibbiyot muassasasida davlat hisobidan malaka oshirmoqda. Mutaxassis zamonaviy xirurgik texnologiyalar boʻyicha shu paytgacha Italiya, Germaniya, Xitoy va Turkiyaning nufuzli klinikalarida tajriba orttirgan. Qolaversa, Sogʻliqni saqlash vazirligi koʻmagida aynan “Revo-i” robot texnologiyasi boʻyicha Koreyada ikki marta bilim va mahoratini boyitib qaytgan.
— Robotning jarrohlik asboblari kichik oʻlchamli boʻlib, inson qoʻliga qaraganda ancha katta diapazonda egilib, aylana oladi, — deydi Zarifxoʻja Bahodirxonov. — U orqali bajariladigan onkologik amaliyotlar oʻsimta yana takrorlanmasligi uchun uni butunlay olib tashlashi, asab tugunlariga va bemor hayoti uchun muhim boʻlgan boshqa organlarga taʼsir qilmasligi, minimal qon yoʻqotish bilan kechishi, bemorning amaliyotdan keyingi tiklanishi hamda butkul sogʻayishini tezlashtirishi bilan katta ahamiyatga ega.
Mutaxassis xulosasiga koʻra, Oʻzbekistonda robotoxirurgiyaning taraqqiy etishi ikki omilga bogʻliq. Birinchisi — texnologiyani boshqara oladigan mutaxassislar tayyorlash boʻlsa, ikkinchisi — mamlakatimiz tibbiyotida robotlar sonini orttirish. Bu borada dastlabki qadam tashlangan.
Endigi vazifa — robot bilan birga operatsiya qiluvchi koʻp sonli xirurglar zaxirasini shakllantirish. Shunda bu innovatsion texnologiya onkologiya va onkourologiya yoʻnalishlaridagina emas, milliy tibbiyotimizning barcha jabhalarida faol qoʻllanila boshlaydi. Bu sohada AQSHning Templ universiteti klinikasi — munosib hamkor. Z.Bahodirxonov bunga izoh berar ekan, mazkur muassasadagi deyarli barcha murakkab operatsiyalar robot-xirurg yordamida bajarilishini maʼlum qildi.
Yana bir eʼtiborli jihati, universitet klinikasida bunday kam invaziv muolaja usulini boshdan oʻtkazgan bemorlarga operatsiyadan 1 kun oʻtib, uyga javob berilar ekan. Kam hollarda bu muddat 2-3 kunga choʻzilishi mumkin. Muassasadagi ilgʻor tajribani oʻrganish uchun 87 ta savol tayyorlab kelgan edim, — deydi mutaxassis. — Hozirgacha ulardan 60 tasiga javob topdim. Malaka oshirish kursi yakunigacha qolgan savollar boʻyicha ham keng maʼlumotlarga ega boʻlishga ishonchim komil.
Templ universiteti klinikasi professorlari Oʻzbekiston tibbiyotida robot texnologiyasidan foydalanila boshlagani va bu yoʻnalishda bajarilayotgan operatsiyalardan yaxshi xabardor ekan. Shu bois yurtimizda qisqa muddatda erishilgan yutuqlar haqida jamoadoshlari uchun taqdimot oʻtkazib berishni soʻrashdi va bu boradagi saʼy-harakatlarimizni yuqori baholashdi.
Safar yakunida Templ universiteti klinikasi bilan robot-xirurg texnologiyasini Oʻzbekistonda keng ommalashtirish uchun hamkorlik memorandumini imzolashni rejalashtirganmiz. Bu kelishuv doirasida shifokorlarimiz yiliga 1-2-marta AQSHga borib, malaka oshirish imkoniga ega boʻladi.
Qolaversa, shu yil sentyabr oyida klinika professorlari yurtimizga kelib, ish tajribamiz bilan yaqindan tanishishga, oʻz navbatida oʻzbekistonlik hamkasblari uchun mahorat darslari oʻtkazishga tayyor ekanligini maʼlum qildi, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati